
Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etib, nutq soʻzladi.
Prezident soʻz boshida sammit ishtirokchilari bilan Sharq va Gʻarb oʻrtasida mustahkam koʻprik boʻlib kelayotgan goʻzal Budapesht shahrida uchrashib turganimizdan behad mamnun ekanini bildirib, oʻz hamkasblariga, qatnashchilarga va delegatsiya rahbarlariga quyidagicha murojaat qildi:
“Muhtaram hamkasblar!
Bugungi sammitimiz shiddat bilan oʻzgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib boʻlmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida oʻtmoqda. Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim oʻzgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov boʻlmoqda. Shu sababli dolzarb muammolar yechimi boʻyicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir” – deya eng ogʻriqli muammolarga xalqaro huquq meʼyorlari, BMT Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblashimizni taʼkidladi.
Prezdent shuningdek, Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yoʻli bilan hal etishga qaratilgan amaliy saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi va bu boradagi munosib hissasi uchun Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanni alohida eʼtirof etdi.
Shavkat Mirziyoyev Gʻazoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solayotganini aytib oʻtdi:
“Toki “Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili roʻyobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas. Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida soʻz yuritar ekanmiz, Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afgʻoniston boʻyicha qoʻshma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi” – deydi Mirziyoyev.
Prezident qisqa vaqt mobaynida Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida amaliy hamkorlik boʻyicha samarali natijalarga erishilayotganini taxkidlab, nutqini tadbir ishtirokchilariga qarata davom ettirdi.
Iqtisodiy tahlil markazlarining Toshkentda boʻlib oʻtgan anjumanida aloqalarni kengaytirish uchun ulkan salohiyat borligi yana bir bor oʻz tasdigʻini topganini aytdi va kun tartibidan kelib chiqib, oʻz takliflarini bildirdi:
“Xabaringiz bor, oʻtgan yili «Turkiy davlatlar oʻrtasida strategik sheriklik, abadiy doʻstlik hamda qardoshlik toʻgʻrisida”gi bitimni ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik. Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va koʻp qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman” – dedi Mirziyoyev.
Prezident yaqin yillarda oʻzaro savdo ulushini keskin koʻpaytirish lozimligini taʼkidladi. Shu maqsadda “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini ilgari surdi.
Oʻzbekiston davlat rahbari shuningdek, Transkaspiy xalqaro yoʻlagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yoʻlga qoʻyishga chaqiraman. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini oʻtkazishni rejalashtirilganini qayd etib oʻtdi.
Turkiy investitsiya jamgʻarmasining faoliyati sarmoyalar oqimining faollashuviga turtki berishiga shubha yoʻqligi taʼkidlandi.
“Biz innovatsion loyihalarni ragʻbatlantirish uchun qoʻshma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz. Bu borada mamlakatlarimizning investitsiya imkoniyatlarini toʻliq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali”ni joriy etish maqsadga muvofiqdir” – deya Prezident navbatdagi tashabbusini ilgari surdi.
Sanoat kooperatsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish vaqti kelganini taʼkidlab, bu borada kimyo, energetika, togʻ-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida salmoqli ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish boʻyicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishni taklif etildi.
Prezident Viktor Orban Janobi Oliylarining tashabbusi bilan Budapeshtda Tashkilotimizning Qurgʻoqchilikning oldini olish instituti oʻz ishini boshlaganini ham mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. Mazkur institut faoliyatiga koʻmaklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb etish uchun “Qurgʻoqchilik va ekologik muammolarning oldini olish boʻyicha qoʻshma «yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.
Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan, barchamizning faxr-iftixorimiz boʻlgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻrganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va masʼuliyatli vazifa ekani taʼkidlanib, ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish niyatida “Turkiy dunyo xartiyasi”da “Ilmdan oʻzga najot yoʻq” degan yuksak axloqiy gʻoyani muhrlab qoʻyilgani aytildi.
Qayd etilishicha, bu yoʻlda Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochilmoqda. Mazkur oʻquv dargohida turkiy davlatlarning yetuk professor va olimlari faoliyat olib borishi koʻzda tutilgan. Bu esa yosh avlodning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, ularning zamonaviy bilimlarni egallashiga munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirdi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev shuningdek, delegatsiya aʼzolariga ham yuzlandi:
“Oʻtgan yili Oʻzbekistonning Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasiga rasman aʼzo boʻlib kirish haqidagi qarorini eʼlon qilgan edik. Ushbu tuzilma doirasida umumturkiy madaniy merosimizni asrab-avaylash va uni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish oldimizda turgan muhim vazifadir. Bu sohadagi muloqotni kengaytirish maqsadida Jamgʻarma Kengashining navbatdagi yigʻilishini mamlakatimizda oʻtkazishni taklif qilaman.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY alohida oʻringa ega. Bu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarur, deb hisoblayman. Shu maqsadda tashqi ishlar va madaniyat vazirlarimizga Boku sammitiga qadar tegishli takliflar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, toʻgʻri boʻladi, deb oʻylayman”.
Siyosat
Ilm-fan
Ilm-fan
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q