Choʻkayotgan qizchani qutqargan erkak halok boʻldi

Saqlash
09:34 / 20.05.2025 155 0

5-may kuni kechqurun Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi “Rakat” mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi Boʻrijar kanaliga yetti-sakkiz yoshlardagi bir qiz tushib ketgan. Maʼlum boʻlishicha, u dugonalari bilan oʻynab yurgan chogʻida kanal chetiga yaqinlashib, oyoqlarini hoʻllab olmoqchi boʻlgan.

 

Oqim qizchani kanal markaziga oqizib ketgan. Dugonasiga yordam bermoqchi boʻlgan boshqa qiz ham suvga sakragan. Oqim uni ham oqizgan va kanal qirgʻogʻi boʻylab pastga tortib ketgan.

 

Shundan soʻng bolalar yordamga chaqira boshlagan.

 

Xabarda yozilishicha, shu mahallada yashovchi Darya Grapinenkova bolalarning ovozini birinchi boʻlib eshitgan va yordamga shoshilgan. Qizlardan birini xoda yordamida tortib olgan.

 

Quyi oqimga tushib ketgan ikkinchi qizchani esa shu mahallada yashovchi Abdumannop Samiqov koʻrib qolgan va “Bola choʻkyapti” deb baqirgan.

 

“Avvaliga qoʻrqib ketdik — ukam suvga tushib ketdi, degan xayolga bordik. Lekin u uyning orqasida, hovlida oʻynab yurgandi. Biz dadamga bu haqda aytdik, lekin u kanalda bola choʻkib ketyapti, deb baqiraverdi. Men yaqinroq bordim va suvda bir qizchani koʻrdim, u choʻkib ketayotgandi. Dadam yalang oyoq qiyalikdan pastga sakrab tushdi va darhol suvga shoʻngʻidi”, deya hikoya qiladi uning oʻgʻli Saidakbar Abduvaliyev.

 

Abdumannop Samiqov qizchani ushlab olishga ulgurgan, biroq qirgʻoqqa yaqinlasharkan, tirmashib chiqolmagan, qoʻli bilan tutib olishga hech narsa topilmagan. Oyoq ostidagi beton sirpanchiq boʻlgan. Saidakbar otasining oldiga yugurib borib, qoʻlidagi tayoqni uzatgan, lekin yetolmagan. Shunda erkak arqon olib kelishni buyurib, qizchani mahkam ushlab turavergan.

 

Biroq Saidakbar otasining darmonsizlanib, oqimga bas kelolmayotganini sezgan. Oʻsmir arqonni olib kelishga ulgurmasligini tushunib, oʻzi kanalga sakragan.

 

“Dadam qizchani menga tutqazib, nafas olish uchun suvdan boshini chiqardi-da, yana suvga shoʻngʻidi va gʻoyib boʻldi. Bu uni oxirgi koʻrishim edi”, — deydi Saidakbar.

 

“Uydan yugurib chiqayotganimda, erim va oʻgʻlimni oqim olib ketayotganini koʻrdim. Ular bir lahzada shunchaki koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Oʻgʻlimni suvdan chiqarishgach, hammadan erim qayerdaligini soʻray boshladim. Menga uni hech kim koʻrmaganini aytishdi. Oʻgʻlim dadasi choʻkib ketgan boʻlishi mumkinligini aytdi. Oyogʻim ostidan yer qochgandek boʻldi, umidsizlik bilan yon-atrofdagilarni yordamga chaqira boshladim”, deydi marhumning turmush oʻrtogʻi Surayyo Mahkamova.

 

Voqea joyiga uchastka noziri yetib kelgan. U tez yordam va FVVga xabar bergan.

 

Shundan soʻng Abdumannop Samiqovni qidirish boshlangan. Soat 23:00 atrofida erkakning jasadi 16-shahar shifoxonasining orqa tomonida (sobiq Pioner koʻchasi, hozirgi Arnasoy koʻchasi hududida) — taxminan 4 km masofada topilgani haqida xabar kelgan.

 

Marhum 43 yoshda boʻlgan.

 

Maʼlumot uchun, kanal qirgʻogʻining bir qismida 2024-yil kuzidan beri piyoda sayr qilish hududi barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda. Taʼkidlanishicha, qurilish jarayonidagi xavfsizlik qoidalariga bepisandlik ushbu fojiaga sabab boʻlgan.

 

Gazeta.uz rasmiylardan izoh so‘raganini, ular esa izoh berishdan bosh tortayotganini yozmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//