Prezident Toshkent metropolitenini rivojlantirishga oid loyihalar bilan tanishdi

Saqlash
16:22 / 19.05.2025 45 0

Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish boʻyicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, poytaxt jamoat transportida metropolitenning oʻrni juda katta. Yoʻlovchilarga qulayliklarni oshirish maqsadida yangi yoʻnalishlar qurilmoqda. Yunusobod yoʻli Turkiston bekatigacha, Chilonzor yoʻli Sergeli tumanigacha uzaytirildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan Toshkentda yerusti metrosi ham paydo boʻldi – Doʻstlik bekatidan Sergeligacha boʻlgan yerusti halqasi barpo etildi. Bu yangi yoʻnalishlar poytaxtimizning Yunusobod, Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlarini bogʻlab, aholining kundalik qatnoviga katta qulaylik yaratdi.

 

Endi metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Bu boʻyicha oʻtgan avvalgi muhokamalarda Prezidentimiz loyihani mablagʻ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qoʻygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga koʻra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Birinchi bosqichda Chilonzor yoʻlining Pushkin bekatidan Mirzo Ulugʻbek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temir yoʻlga parallel ravishda yer yuzasi boʻylab metro yoʻli quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yoʻnalish barpo etiladi.

 

Hozirgi kunda shu tomondan poytaxt markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yoʻlovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yoʻnalish 85 ming yoʻlovchini qamrab olishi kutilmoqda.

 

Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil koʻrib chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//