“Oʻzbekiston pavilyoni yuz minglab mehmonlarning eʼtiborini tortishga ulgurdi” – Saida Mirziyoyeva

Saqlash
10:12 / 19.05.2025 51 0

Yaponiyaning Osaka shahrida Expo 2025 jahon koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston pavilyoni taqdim etildi. Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, bu diqqatni oʻziga tortadigan va ilhom bagʻishlaydigan maskan shunchaki meʼmoriy inshoot emas, balki madaniyat, texnologiya va barqaror rivojlanish uygʻun boʻlgan “Bilimlar bogʻi” boʻlgan.

 

 

“Koʻrgazma boshlanganidan buyon pavilyonimizga 100 ming nafardan ziyod mehmon tashrif buyurdi”, deb yozdi Mirziyoyeva oʻz Telegram sahifasida.

 

 

Xabarga koʻra, Oʻzbekiston pavilyoni koʻrgazmada “Bilimlar bogʻi: kelajak jamiyati laboratoriyasi” nomi bilan ishtirok etgan.

 

“Ushbu loyiha menga juda qadrli, chunki konsepsiyani ishlab chiqishning dastlabki bosqichlaridanoq unda ishtirok etish baxtiga muyassar boʻldim. Oʻshanda men Oʻzbekistonda kechayotgan chuqur jarayonlarni — innovatsiyalar va anʼanalar oʻrtasidagi uygʻunlikni, kelajakka intilish va abadiy qadriyatlarga hurmatni aks ettiruvchi makon yaratish gʻoyasini taklif qilgandim”, dedi Saida Mirziyoyev.

 

Uning soʻzlariga koʻra, aynan pavilyonning meʼmoriy va mazmuniy asosini Xivada joylashgan 213 ta noyob ustunli jome masjidi hamda Buxoroning lojuvard koshinlari tashkil etdi. Ular ilhom manbai sifatida tanlab olingan.

 

“Pavilyon jamiyatimiz kabi madaniyatlar, tillar va tarixiy voqealar xilma-xilligidir. Oʻtmish va kelajakni bogʻlovchi koʻprik boʻlib, dunyo Oʻzbekistonning bugunini chuqurroq anglashiga xizmat qiladi”, dedi Mirziyoyeva.

 

Prezident yordamchisi, shuningdek, EXPO-2025ʼning ochilish marosimida ham nutq soʻzlagan. U oʻz nutqida Oʻzbekiston oʻz kelajagini barqaror taraqqiyot, taʼlim va innovatsiyalarda koʻrishini alohida taʼkidlagan.

 

“Yosh avlod energiyani toza manbalardan olishi, madaniyat esa odamlarni birlashtiruvchi kuch boʻlishi biz uchun juda muhim”, dedi Saida Mirziyoyeva.

 

 

 

Tadbir davomida Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri ham chiqish qilgan.

 

Shuningdek, dastur doirasida gala-konsert, jumladan, Amatobu Kaguraning Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasidagi azaldan doʻstona aloqalarni madh etuvchi “Celestial Dance” nomli yangi asarining jahon premyerasi boʻlib oʻtgan.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//