
Jamiyat
2025-yil may oyida “Yuksalish” harakati “Toshkent bogʻlarini qanday yaxshilash mumkin? Shahar aholisi fikri” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazdi.
Bundan maqsad – bogʻlar va yashil hududlar borasida shahar aholisi ehtiyojlari va kutilmalarini oʻrganish hamda bu hududlarda zarur oʻzgarishlar boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Hisobotda Toshkentdagi bogʻlar va yashil hududlar haqidagi jamoatchilik fikri, ular qaysi maqsadlarga xizmat qilayotgani va yaxshilash boʻyicha istaklar tahlil qilingan.
Soʻrov quyidagi yoʻnalishlarni qamrab olgan:
▪️ bogʻlarga har qancha muddatda tashrif buyurilishi;
▪️ aholining mamnunlik darajasi;
▪️ mavjud muammolar;
▪️ yangi yoki yangilangan bogʻlarda aholi koʻrishni istagan jihatlar;
▪️ qoʻshimcha bogʻlarga boʻlgan ehtiyoj va ularni yaxshilash boʻyicha takliflar.
Soʻrovda 18 yoshdan 60+ yoshgacha boʻlgan turli yoshdagi 403 nafar fuqaro ishtirok etgan boʻlib, ularning 56,3 foizini ayollar, 43,3 foizini erkaklar tashkil qilgan.
Respondentlar Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod, Chilonzor, Olmazor, Yakkasaroy, Shayxontohur, Sergeli, Bektemir, Yangihayot/Yashnobod va Uchtepa kabi tumanlaridan boʻlib, bu soʻrovning keng geografik qamrovga ega boʻlganini koʻrsatadi.
Tahlilga koʻra, soʻrovnomada qatnashganlarning katta qismi oyda bir marta istirohat bogʻlariga borishini maʼlum qilgan. Shuningdek, haftasiga tashrif buyuruvchilarning soni ham anchagina.
Maʼlum boʻlishicha, “Tashkent City Park” ushbu manzillar orasida eng koʻp ovoz toʻplagan.
Soʻrovnomada eng koʻp ovoz toʻplagan poytaxtdagi koʻngilochar joylar va ularga tashrif buyuruvchilarning hajmi quyida koʻrsatilgan:
1. “Tashkent City Park” – 35 foiz;
2. Gʻafur Gʻulom nomidagi istirohat bogʻi (Dream Park) – 31,2 foiz;
3. “Magic City” – 29,7foiz;
4. “Koʻk gumbazlar” bulvari – 23,9 foiz;
5. “Anhor-Lokomotiv” istirohat bogʻi – 23,2 foiz;
6. Yapon bogʻi – 22,4 foiz;
7. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekopark – 20,9 foiz;
8. Ulugʻbek nomidagi markaziy park – 19 foiz;
9. “Doʻstlik” bogʻi (sobiq Bobur bogʻi) – 15,9 foiz;
10. “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi – 14,4 foiz;
11. Navoiy nomidagi milliy park – 13,9 foiz;
12. Ashxobod bogʻi – 12,8 foiz;
13. “Lokomotiv” bogʻi – 12,1 foiz;
14. “Gʻalaba bogʻi” – 9,6 foiz;
15. Furqat nomidagi bogʻ – 7,6 foiz.
Bundan tashqari, dam olish joylari qatorida Botanika bogʻi, “River” bogʻi, Abdulla Qodiriy nomidagi bogʻ, “Quyoshcha nuri” bogʻi (Bektemir tumani), “Yangi Sergeli” bogʻi, Adiblar xiyoboni, Amir Temur xiyoboni ham sanab oʻtilgan.
Keyingi savolda respondentlardan Toshkentdagi bogʻlar holatidan mamnunlik darajasi haqida fikr soʻralgan.
Soʻrov natijalariga koʻra, eng koʻp ovozni “Umuman olganda mamnunman, lekin kamchiliklar bor” degan javob olgan – 57,7 foiz. Bu respondentlarning bogʻlarga nisbatan ijobiy munosabatda ekanligi, ammo ehtiyojlar toʻla qoniqtirilmayotganini koʻrsatadi.
Respondentlarning salmoqli ulushi (30,9 foiz) jiddiy muammolar mavjudligini taʼkidladi. 7,6 foiz ishtirokchi esa mavjud bogʻlardagi holatdan umuman qoniqmasligini, 3,8 foiz respondent boʻlsa bogʻlardan toʻliq mamnun ekanini bildirgan.
Bogʻlardagi mavjud muammolar orasida quyidagilar eng koʻp qayd etilgan:
▪️ Yashillik va soya-salqin joylarning yetishmasligi – 73,9 foiz (Bu deyarli barcha javoblarda eng koʻp tilga olingan muammo sanaladi);
▪️ Skameykalar va soyabonlar yetarli emas – 66,3 foiz;
▪️ Chiqindilar va gigiyena muammolari – 45,8 foiz;
▪️ Shovqin va betartiblik (koʻpincha baland musiqa va attraksionlar bilan bogʻliq) – 36,2 foiz;
▪️ Nogironlar uchun sharoitlar yoʻqligi – 37,5 foiz.
Shu bilan birga, quyidagi kamchiliklar ham eslatib oʻtilgan:
▪️ Bolalar va sport maydonchalarining yetishmasligi;
▪️ Narxlar balandligi;
▪️ Yoritish va qoʻriqlash tizimining yoʻqligi;
▪️ Bepul oʻyin maydonchalari yetishmasligi;
▪️ Chiqindi qutilarining yoʻqligi va boshqalar.
Respondentlarning asosiy istagi bu — “Yashil hududlarning koʻproq boʻlishi”. Bu bevosita eng muhim muammo yechimi hisoblanib, 87,2 foiz respondent shu javobni belgilagan.
Ishtirokchilar quyidagi xohishlarni ham qayd etgan:
➖ “Ochiq osmon ostidagi kutubxonalar / oʻqish burchaklari” – 53,1 foiz;
➖ “Ijodiy zonalar / master-klasslar” – 44,3 foiz.
Soʻrovnomaga koʻra, aholida bir qator qulaylik va hududlarga ehtiyoj borligi ham aniqlangan:
▪️ Oilaviy dam olish uchun hududlar;
▪️ Veloyoʻlaklar va yugurish yoʻlakchalari;
▪️ Etnomaydonlar (madaniy-etnografik zonalar);
▪️ Madaniy tadbirlar;
▪️ Sport (tennis, basketbol, voleybol) maydonchalari;
▪️ Favvoralar, suv obyektlari, ariqlar;
▪️ Ekologik talabga mos piknik zonalari;
▪️ Yoga va meditatsiya uchun joylar;
▪️ Toza hojatxonalar;
▪️ Chiqindi uchun maxsus qutilar;
▪️ Bolalar uchun bepul oʻyin maydonchalari.
Aholining yashash joyi yaqinida qoʻshimcha bogʻ kerakmi degan savolga koʻpchilik “Ha” deb javob bergan. Bu esa shahar boʻylab bogʻlarga ehtiyoj yuqori ekanligini koʻrsatadi. Ayniqsa Yashnobod, Sergeli va Qumariq (3-aeroport yaqinida) hududlarida bu masala alohida taʼkidlangan.
Tadqiqotdan kelib chiqqan asosiy xulosalar quyidagicha:
➖ Yashillik va soyaga ehtiyoj juda yuqori – bu respondentlar tomonidan eng koʻp qayd etilgan muammo.
➖ “Tabiiy” bogʻlarga talab katta – odamlar attraksionlarga toʻla savdo maskanlari emas, tinch, yashil dam olish joylarini maʼqul koʻradi.
➖ Asosiy infratuzilmani yaxshilash zarur – skameykalar, soyabonlar, toza hojatxonalar, chiqindi qutilari, piyoda yoʻlakchalarini koʻpaytirish kerak.
➖ Bogʻlar ham jismonan, ham moliyaviy jihatdan barcha uchun ochiq boʻlishi lozim.
➖ Yangi bogʻlar kerak – koʻp tumanlarda yashil hududlar yetishmaydi, aholining bu boradagi ehtiyoji yaqqol koʻzga tashlanmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q