Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etiladi

Saqlash
15:20 / 15.05.2025 64 0

Davlat rahbari raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida bolalarni zararli axborotlardan himoya qilishdagi chora-tadbirga ham eʼtibor qaratildi. Bu borada alohida qonun ham qabul qilingani aytildi.

 

“Toʻgʻri, bugungi kunda yoshlar maʼnaviyati bilan hamma shugʻullanyapti. Lekin, zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish, ularning targʻiboti, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha professional tashkilot yoʻq”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shu munosabat bilan Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi.

 

Markaz bolalar tarbiyasi va sogʻligʻiga salbiy taʼsir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Shuningdek, mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish boʻyicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti esa markazga ilmiy jihatdan koʻmaklashadi.

 

Shu bilan birga, bu masalalar faqatgina bitta markazning ishi boʻlib qolmasligi, masʼul barcha vazirliklar markaz bilan ishlarni boshlashi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

 

Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi.

 

Bundan tashqari barcha hokimlar va taʼlim sohasi rahbarlariga yozgi taʼtil vaqtida barcha taʼlim muassasalarining sport maydonchasi va oʻquv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb toʻgaraklarini ochish topshirildi.

 

Masalan, oʻzlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar boʻyicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, oʻquvchilar uchun haftasiga olti soatlik oʻquv kurslari tashkil qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//