
Jamiyat
13-may kuni Shavkat Mirziyoyev seysmik xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlariga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, qurilishning asoslaridan biri boʻlgan seysmologiya sohasida xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilib, innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishga eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumki, 1966-yil 26-aprelda Toshkent shahrida vayronkor zilzila sodir boʻlgan. Oʻzbekiston Prezidenti zilzila qurbonlariga hurmat koʻrsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini taʼsis etish tashabbusini ilgari surgan. Uning qoʻllab-quvvatlanishi sifatida BMT Bosh Assambleyasi 29-aprelni Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni, deb eʼlon qilish toʻgʻrisida rezolyutsiya qabul qildi.
Bu borada xalqaro standartlarga mos boʻlish uchun Prezident yangi qurilayotgan uylarning sifatiga eʼtiborni kuchaytirish vazifasini qoʻygan.
Unga muvofiq, davlat loyiha institutlari mutaxassislari ishtirokida joylarda oʻrganishlar oʻtkazildi. Oʻrganish natijalari va hududlarning seysmik holati tahlili asosida bu tizimni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
Unga koʻra, xorijiy mutaxassislar jalb qilingan holda, binolarni oʻrganish boʻyicha yangi amaliyot yoʻlga qoʻyiladi. Zilzilaga va boshqa tabiiy ofatlarga bardoshli uylarni qurish boʻyicha tajriba almashish kengaytiriladi. Binolar instrumental texnik tekshiruvdan oʻtkazilib, kamchiliklar bartaraf etiladi.
Ushbu oʻrganishlar va xorijiy tajriba asosida, seysmik xavfni, taʼsirni va xatarni baholash yuzasidan meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritiladi.
Shavkat Mirziyoyev qurilishda sifat va xavfsizlik birinchi oʻrinda ekanini taʼkidlab, bu yoʻnalishlarni ilmiy rivojlantirish, sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q