Endi kambagʻal oilalar toifalarga ajratiladi

Saqlash
17:28 / 12.05.2025 64 0

Prezident farmoni bilan 2025-yil 15-maydan “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi boʻlgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab koʻrsatiladi.

 

Bunda “qizil” toifaga oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

▪️ aʼzolarining kamida 1 nafari sogʻligʻining holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan;

 

▪️ parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi boʻlgan;

 

▪️ oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi yoki yolgʻiz keksa yoxud yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxsdan iborat boʻlgan;

 

▪️ boquvchisini yoʻqotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oila.

 

“Sariq” toifaga esa oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan hamda aʼzolari sogʻligʻi holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan oilalar kiritiladi.

 

Shuningdek, “yashil” toifadan oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar joy oladi:

▪️ oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan boʻlsa;

 

▪️ oilaning Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori boʻlsa.

 

 

Farmonga koʻra, 2025-yil 1-iyundan quyidagilar amalga oshiriladi:

 

➖ “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi oilalar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar “Kambagʻal oilalar reyestri”dagi oilalarga ham tatbiq etiladi (2026-yil 1-yanvardan esa faqat “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga koʻrsatiladi);

 

➖ davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yigʻim va boshqa toʻlovlarni toʻlashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qoʻllaniladi;

 

➖ kambagʻal oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga oʻtganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi;

 

➖ “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

 

Ushbu reyestriga kiritilgan oilalarning aʼzolariga ijtimoiy xizmat va yordamlar oilalar kambagʻal deb eʼtirof etilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki shaxsning kambagʻal deb eʼtirof etilgan oilaning aʼzosi ekani haqidagi maʼlumotnoma asosida koʻrsatiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//