
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Gʻalaba bogʻidagi “Millat fidoyilari” xiyobonida boʻldi.
Davlat rahbarining gʻoyasi asosida tashkil etilgan ushbu yodgorlik mustaqillik yillarida Oʻzbekiston himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bagʻishlangan.
Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrogʻidagi yarim oy va oʻn ikki yulduz shaklida namoyon boʻladi. Qariyb ikki metrli yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham oʻtaydi. Ularning yon taraflariga 196 nafar qahramonlarimiz nomi zarhal harflar bilan yozilgan. Bu bitiklar yoniga monitorlar oʻrnatilgan boʻlib, millat fidoyilari toʻgʻrisida maʻlumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi. Yaʻni, ularning faqat nomi emas, bolaligi, orzulari, ishi va oilasi ham jonlanadi.
Bayroqdagi yarim oy moʻjaz amfiteatr shaklida xiyobonga koʻrk bagʻishlagan. Uning tepasidan poklik ramzi – suv oqib turadi. Oyning orqa tarafidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi badiiy gʻoyaga yakun yasagan. Uning markazida farzandini harbiy xizmatga kuzatgan ota-ona siymosi gavdalantirilgan. Ikki yonda Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oliy sud va prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya kabi tuzilmalar xizmatchilari aks ettirilgan.
Prezident shu yerda marhum harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari bilan uchrashdi.
“Har yili bu yerga kelib, Ikkinchi jahon urushidagi yoʻqotishlarni eslaymiz. Endi mustaqillik fidoyilariga bagʻishlangan ushbu majmuani tashkil qilganimiz xayrli ish boʻldi. Chunki ular ham milliy qahramonlarimiz. Shu jihatdan, bu maydonning maʻnaviy ahamiyati katta. Bu ham oʻzlikni anglash, bu ham inson qadri”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari vatan himoyachilarining oila aʻzolariga chuqur hurmatini bildirdi.
“Bu jasur oʻgʻlonlar tahlikali vaziyatda oʻzini oʻylamay, burchiga sodiq qolib, xalqi uchun jonini fido qilgan. Hozirgi tinchlikda, osmonimiz musaffoligida ularning katta hissasi bor. Oilalari, barcha yaqinlari bilishi kerakki, ular oramizda xuddi tirikdek, nomlari hech qachon oʻchmaydi. Buni mana shu maydonda muhrlab qoʻydik. Men ularning ota-onalariga, turmush oʻrtoqlariga taʻzim qilaman. Farzandlari qahramon otalariga munosib boʻlishini istayman”, deya taʻkidladi Prezident.
Millat fidoyilari tugʻilgan tumanlarda xotira tadbirlari oʻtkazish, ularning mardligini yoshlarga ibrat qilib koʻrsatish, qahramonliklari haqida asarlar yozish zarurligi taʻkidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini ham ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.
“Avvalo, sizlarni, siz orqali barcha faxriylarimizni Gʻalabaning 80-yilligi bilan tabriklayman. Xalqimiz nomidan barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Sizlarning qahramonligingiz tufayli bugungi avlodlar shunday tinchlik-forovonlikda yashayapti. Bu tinchlikning qadrini yoshlarimizga sizlar orqali yetkazishimiz kerak. Hayotingizning oʻzi bizga namuna. Har bir gapingiz juda katta taʻlim, bilim. Ilohim, sogʻligʻingiz mustahkam boʻlib, koʻp yillar faxrimiz, duogoʻyimiz boʻlib yuring”, – deya tilak bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19-fevraldagi qaroriga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 ming AQSH dollari miqdorida, ushbu toifaga tenglashtirilgan shaxslarga 25 million soʻm, mehnat fronti qatnashchilariga 3 million soʻmdan bir martalik pul mukofotlari berilmoqda. Koʻplab nuroniylarga “Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80-yilligi” yubiley medallari topshirildi.
Urush faxriylari va nogironlari uchun tibbiy va ijtimoiy xizmatlar, jumladan, patronaj xizmati koʻrsatilmoqda. Ular oʻz xohishlariga koʻra sanatoriylarda davolanmoqda.
Tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, harbiy qismlar rahbarlari ishtirokida urush va mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʻzolarining holidan xabar olinib, yumushlariga yordamlashilmoqda.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q