
Jamiyat
2024-yil 6-may kuni energetika xavfsizligi masalalari boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Oʻzatom” xabar berdi.
Yigʻilish doirasida “Atomstroyeksport” AJ bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati aks ettirilgan taqdimot namoyish etildi. Taqdimotda loyihalash bosqichlari, tayyorgarlik ishlari va xalqaro hamkorlar bilan hamkorlik masalalari atroflicha koʻrsatildi.
“Ishtirokchilar shartnoma majburiyatlarining aniq belgilangan muddatda bajarilayotganini taʻkidlab, reglamentga qatʻiy rioya qilish zarurligiga toʻxtaldilar shuningdek, qurilish-montaj bazasini tashkil etish masalalariga alohida eʻtibor qaratildi, jumladan, joriy tayyorgarlik bosqichlari va kelgusi ishlar rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, yer boʻlimlarini ajratish va tashqi infratuzilmani taʻminlash masalalari koʻrib chiqildi, bu esa mahalliy hokimiyat organlari va pudrat tashkilotlari bilan faol hamkorlikni talab qiladi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ilmiy-texnik kengash tanlangan maydonda oʻtkazilgan muhandislik tadqiqotlari natijalarini koʻrib chiqqan.
Yigʻilish davomida Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli atom stansiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi, bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini berishi qayd etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yonilgʻisi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilindi.
Yigʻilish barcha ishtirokchilarning kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.
Ushbu shtab Oʻzbekiston prezidenti topshirigʻiga koʻra loyiha ishtirokchilarining oʻzaro samarali hamkorligini taʻminlash va kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bilan bogʻliq vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Avvalroq “Oʻzatom” rahbari Azim Ahmedxoʻjayev Oʻzbekistonda kichik atom elektr stansiyasi qurilishi jadvaldan oldinda ketayotgani, birinchi beton 2026-yilning II choragida quyilishi rejalashtirilayotganini maʻlum qilgandi. Shuningdek, u stansiya uchun Fransiya va Xitoy texnologiyalari koʻrib chiqilayotganini, loyihani MAGATE nazorat qilishini taʻkidladi. “Bu shunchaki parranda fabrikasi qurish emas”, — degandi u.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q