Blogerlik faoliyati tartibga solinishi kutilmoqda

Saqlash
10:44 / 08.05.2025 95 0

Kecha, 7-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasida onlayn-platformalar foydalanuvchilari huquqlari, sohada yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlar, zamonaviy chaqiriqlar muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

 

Unda Oʻzbekistonda hozirgi ochiqlik siyosati davrida internet va ijtimoiy tarmoqlar fuqarolarning axborotga boʻlgan ehtiyojini tezkor qondirish, jamiyatdagi dolzarb muammolarni muhokama qilishda muhim vositaga aylanib borayotgani taʼkidlangan.

 

Ushbu sharoitda onlayn-platformalar foydalanuvchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini qonun asosida aniq mustahkamlab qoʻyishning ahamiyati borasida mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglangan.

 

Shu munosabat bilan, tadbirda ishtirok etgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari, media-sohasi ekspertlari ishtirokida sohani tartibga soluvchi, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladigan yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqilganligi maʼlum qilingan.

 

Xabarga koʻra, loyihaning maqsadi – fuqarolarning onlayn-platformalar va veb-saytlardan foydalanish sohasidagi huquqlarini qonun darajasida belgilash, ularni yolgʻon axborot, nafrat uygʻotuvchi, zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qiluvchi noqonuniy kontentlardan himoya qilishdan iborat.

 

Unda onlayn-platformalar sohasidagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtirilgan boʻlib, tartibga solishdagi mavjud boʻshliqlarni bartaraf etishga qaratilgan qator normalar nazarda tutilgan. Ularning qabul qilinishida eng avvalo quyidagilarga eʼtibor qaratilgan:

▪️ onlayn-platformalar foydalanuvchilari huquqlarini qonun darajasida mustahkamlash;

 

▪️ Internet tarmogʻida axborot tarqatish tartiblari borasida huquqiy aniqlik va izchillikni taʼminlash;

 

▪️ onlayn-platformalar va veb-sayt egalari uchun Oʻzbekistonda faoliyat yuritishning aniq shartlarini belgilash, ularning biznes modellari uchun shart-sharoitlarni aniq prognozlash imkoniyati yaratish;

 

▪️ axborot sohasi ishtirokchilari, jumladan, onlayn-platformalar, blogerlar, inflyuyenserlar hamda sohani tartibga soluvchi davlat organlari oʻrtasida oʻzaro muloqot va konstruktiv hamkorlik uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish;

 

▪️ internetdan foydalanish xavfsizligi darajasini oshirish, bolalar sogʻligiga xavf soluvchi axborotlardan himoya qilish boʻyicha aniq mexanizmlarni yaratish;

 

▪️ foydalanuvchilar oʻz shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi maʼlumotlardan himoyalanish borasida huquqiy kafolatlarga va zarur hollarda vakolatli organning koʻmagidan foydalanish.

 

Taʼkidlanishicha, qonun loyihasida inflyuyenser va blogerlar masʼuliyati ajratilib, blogerlar majburiyatlari sezilarli yengillashtirilmoqda.

 

Davra suhbatida loyiha bilan kiritilayotgan yangi huquqiy institutlar batafsil koʻrib chiqilgan va uni jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish boʻyicha xulosaga kelingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//