Taqiqlangan diniy materiallarni ogʻzaki tarqatish jinoiy javobgarlikka olib keladi

Saqlash
10:53 / 07.05.2025 100 0

Jinoyat Kodeksining 244-1(prim1)-moddasiga koʻra, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maʼlumot va materiallar har qanday shaklda, shu jumladan, ogʻzaki tarzda tarqatilgan boʻlsa, jinoiy javobgarlikka tortilishga asos boʻladi.

 

Advokat Behzod Gʻaniyevning maʼlum qilishicha, mazkur turdagi xatti-harakatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan chora koʻrildi.

 

Xabarga koʻra, fuqaro X.E. aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan va aqidaparastlikni targʻib qiluvchi gʻoyalarini suhbatdoshi N.M.ning ongiga ogʻzaki tarzda singdirib kelgan.

 

Bu suhbat tezkor tadbir davomida ovoz moslamasiga yozib olingan va oʻtkazilgan sud-fonografik ekspertiza xulosasida, suhbatda ishtirok etgan va stenogrammada shartli ravishda “X.E.” deb belgilangan shaxsning ovozi hamda nutqi sudlanuvchi X.E.ga tegishli ekanligi koʻrsatilgan.

 

1-bosqich sudining 2025-yil 31-yanvar kungi hukmi bilan X.E. JKning 244-1(prim1)-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

“Shu kungacha joylayotgan bir qancha postlarimizda diniy mazmundagi maʼlumot va materiallarni tarqatganlik uchun MJtKning 184-2(prim2)-moddasi bilan maʼmuriy hamda JKning 244-1(prim1), 244-3(prim3)-moddalari bilan jinoiy javobgarlik choralari belgilanganligi hamda sud amaliyoti qanaqa boʻlayotganligi haqidagi maʼlumotlarni berib kelmoqdamiz.

 

Sud amaliyotdan keltirilgan deyarli barcha misollarda — diniy mazmundagi materiallarning internet jahon axborot tarmogʻidan (Telegram, Instagram, Odnoklassniki, TikTok va boshqalar) foydalangan holda tarqatilganligini koʻrishimiz mumkin”, deydi advokat.

 

Gʻaniyev bergan xabarida Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi, axborotni uzatish va tarqatishning boshqa elektron vositalari orqali materiallarni sotish, yetkazib berish, tarqatish, yuborish va ularga obuna boʻlish — tarqatish hisoblanishini eslatib oʻtgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//