
Madaniyat
Jamiyat
Kecha, 5-may kuni Shavkat Mirziyoyev istiqbolli kadrlarni maqsadli tayyorlash va mutaxassislarning xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Xabarga koʻra, endi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi fondi Prezident huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tashkil etiladi. Jamgʻarma Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida tashkil etilgan Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi kabi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birga kadrlar tayyorlash klasteriga aylantiriladi.
Jumladan, istiqbolli mutaxassislarni xorijda tayyorlash boʻyicha bakalavriat, magistratura va doktorantura bilan bir qatorda davlat xizmatchilari olti oygacha maqsadli stajirovkaga yuboriladi. Bunda energetika, urbanizatsiya, transport, arxitektura, geodeziya, yer munosabatlari, texnika, muhandislik kabi iqtisodiyotning drayver sohalariga, davlat boshqaruvi va dolzarb ijtimoiy yoʻnalishlarga ustuvorlik beriladi.
Xalqaro reytinglarda “TOP-100” talik universitetlarga grant asosida oʻqishga kirgan nomzodlarga “El-yurt umidi” stipendiyasi imtihonlarsiz ajratiladi. “TOP-300” talikda boʻlgan universitetlarga grantga kirganlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari imtihonlarsiz qoplab beriladi. “TOP-20” talikdagi universitetlar bakalavriatiga 50 foiz grant asosida qabul qilingan Prezident maktablari bitiruvchilariga stipendiyalar tanlovlarsiz ajratiladi.
Xorijda oʻqiyotgan yurtdoshlarimiz bilan doimiy muloqotda boʻlish, ularning ehtiyojlarini aniqlash hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarida yordamlashish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarining ota-onalari kengashi tuziladi. Elchixona va konsulliklarga talabalarga huquqiy va tashkiliy koʻmak koʻrsatish vazifalari yuklatiladi.
Bundan tashqari, yangi tizimga asosan, endi davlat xizmatchilari uchun 3 ta dastur – malaka oshirish, qayta tayyorlash va magistratura yoʻlga qoʻyiladi. Barcha uzoq va oʻrta muddatli oʻquvlar xorijiy hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining tayanch tavsiyalari asosida tashkil qilinadi.
Magistraturada “Davlat boshqaruvi”, “Davlat siyosati”, “Hududlarni kompleks rivojlantirish”, “Inson resurslarini rivojlantirish” va “Davlat moliyasini boshqarish” yoʻnalishlarida 18 oygacha muddatda chuqurlashtirilgan bilimlar beriladi. Davlat buyurtmasidan tashqari toʻlov-kontrakt shaklida ham talabgorlar qabul qilinadi.
Akademiyada taʼlim dasturlari va ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish boʻyicha tavsiyalar berish, nufuzli xorijiy ilmiy-taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish uchun Xalqaro akademik maslahat kengashi tuziladi.
Shuningdek, akademiya huzurida 4 ta yangi markaz tashkil etilishi rejalashtirilgan. Misol uchun, Davlat boshqaruvi muammolarini ilmiy-amaliy tadqiq etish markazi davlat xizmati samaradorligini oshirish, xususiy sektordagi ilgʻor amaliyotlarni davlat boshqaruvida joriy qilishga qaratilgan tavsiyalar berib boradi.
Taqdimot yakunida Prezident takliflarni maʼqullab, bu tizimlarni yangicha yondashuvlar asosida joriy qilish, jamgʻarma va akademiya xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan.
Madaniyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q