Hindistonlik talaba Toshkent tibbiyot akademiyasini tanqid qildi

Saqlash
13:00 / 05.05.2025 311 0

Toshkent tibbiyot akademiyasida oʻqiyotgan hindistonlik talaba muassasadagi taʼlim sifatini tanqid qildi.

 

“Men Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA)da tahsil olayotgan hindistonlik birinchi kurs talabasiman. 2025-yil fevral oyida qabul qilinganman. Men chin yurakdan bu oʻrtacha darajadagi universitet boʻladi, deb oʻylagandim — arzon oʻqish, xorijiy MBBC, ajoyib muhit va h.k. Ammo vaziyat mutlaqo boshqacha ekan. Bu yerda taʼlim sifati shunchalik ayanchliki, ayniqsa biz kabi xorijiy talabalar uchun, tasavvur qilib boʻlmas darajada”, deb yozgan u Reddit platformasida.

 

Talaba, avvalo, oʻqituvchilar deyarli inglizcha gapira olishmasligini, ularning yarim gaplari goʻyo Google Translate orqali oʻqilayotganday tuyulishini aytgan:

 

“Biz shifokor boʻlishni oʻrganishimiz kerak, ularni esa umuman tushunmaymiz. Ular biz uchun 4 soatlik ingliz tili darsi oʻtkazishadi — goʻyoki men bu yerga anatomiya emas, alifbo va grammatikani oʻrganishga kelganman! Anatomiyaga esa 20 daqiqa ajratiladi — u ham kulgili tarzda. Ular hech nima tushuntirishmaydi. Darsga kelishadi, darslikka ishora qilishadi va buyuriladi: “Mana mavzu, oʻqib, oʻrganib kel”. Baʼzida dars boshlanishiga bir daqiqa qolganda: “bu dars onlayn boʻladi”, deb aytishadi, lekin, hayron qolarli holat — hech qanday onlayn dars oʻtkazilmaydi. Aslida, biz oʻzimiz oʻrganamiz, ular esa maosh olishadi va faqat oʻzlariga qulay paytda bizga javob berishadi”, deydi ism-sharifi koʻrsatilmagan hindistonlik.

 

U, shuningdek, akademiya dekanini ham tanqid ostiga olgan:

 

“Bu odam — mutlaqo aqldan ozgan. Doimo soqol masalasi bilan bezovta qiladi — goʻyo, soqol olish kerak, deb taʼqib qiladi. Men tushunaman, “vazirlik qoidalari” bor, lekin, aka, tinchlaning — mening soqolim imtihonlarning yomon oʻtishining sababchisi emas. Oʻzi esa butunlay samarasiz — hech qanday muammoga yechim topmaydi, faqat muhim shaxs kabi yuradi, xolos”, deyiladi uning postida.

 

Tanqidda yotoqxona masalasi ham koʻtarilgan:

 

“Hind talabalar yashaydigan yotoqxona esa — haqiqiy dahshat. Qoʻlansa hid, mogʻorlagan devorlar, mudom oqib turuvchi quvurlar — kimdir qizamiqqa chalinsa, xuddi fermadagi chorvani emlagandek, hammaga qandaydir vaksina urib chiqishadi. Gigiyena? U bu yerga qadam bosmagan”.

 

Talaba taʼlim sifati haqida gapirib, hech narsa oʻrganmayotganidan shikoyat qilgan hamda imtihonlarni sirk deb atagan:

 

“Bu yerdagi taʼlim shunchalik yomonki, nimadan boshlashni ham bilmayman. Oʻqituvchilar kelganda, faqat slayd oʻqishadi yoki oʻzing oʻqi, deb ketishadi. Toki bizga hech narsa oʻrgatishmas ekan, biz qanday qilib yaxshi shifokor boʻlamiz? Imtihonlar — sirk. Bir PDF fayl berishadi, unda taxminan 50 ta savol boʻladi. “Shuni yodla”, deyishadi, keyin esa kompyuterda test topshirasan. Hammasi qanday yodlashga bogʻliq. Har bir savol deyarli oʻsha PDFdan aynan olingan. Imtihonlar oʻtib ketish uchun juda oson — lekin foydasi nima? Men bu yerga xotira oʻyinlari oʻynash uchun emas, haqiqiy tibbiyot oʻrganish uchun kelganman. Shu sababli bu joydan “pishmagan” shifokorlar chiqaveradi.Bu sirk qanday qilib Hindistonning NMC (National Medical Commission) tomonidan tan olingan? Kimdir buni tekshirishi kerak”.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//