Rossiya armiyasida Ukrainaga qarshi urishayotgan oʻzbekistonliklarga tegishli tartibda choralar koʻriladi — TIV

Saqlash
17:40 / 02.05.2025 111 0

Oldinroq rossiyalik harbiylarning ixtiyoriy ravishda asirga tushishiga koʻmaklashuvchi Ukrainaning “Yashashni istayman” davlat loyihasi Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan va Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan 1110 nafar Oʻzbekiston fuqarosi roʻyxatini eʼlon qilgan edi.

 

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston vakolatli organlari roʻyxatda nomi keltirilgan mazkur fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni tekshirishni boshlagan.

 

Roʻyxatda nomi keltirilgan fuqarolarning jangovar harakatlarda ishtirok etgani haqidagi maʼlumotlar tasdiqlansa, ularning vatanga qaytishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqidagi savolga Burhonov quyidagicha javob bergan:

“Mamlakatdan tashqarida harbiy harakatlarda ishtirok etish respublika qonunchiligida taqiqlangan. Tegishli choralar koʻriladi”.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda ikki fuqarolik taqiqlangan.

 

Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Oʻzbekiston rasmiylari “Oʻzbekiston fuqarolarining xorijdagi har qanday harbiy harakatlarga jalb etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisida muntazam ravishda xabardor qilib borilayotganini” bildirgan.

 

Eslatib oʻtish lozim, Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga koʻra, yollanish, yaʼni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni koʻzlab, oʻzga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli toʻqnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi 5-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

 

Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga koʻra esa, Oʻzbekiston fuqarosining chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirishi bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha (112,5 mln soʻm) miqdorida jarima yoki 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari, xizmatga yollanishi esa 5-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishiga sabab boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//