“Kattalarga qaraganda yoshlar 5 barobar koʻp foydalanmoqda” – Elektron sigaretalarni taqiqlash haqidagi qonun maʼqullandi

Saqlash
14:00 / 30.04.2025 196 0

Bugun, 30-aprel kuni boʻlib oʻtayotgan Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokama qilindi.

 

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan, elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda Oʻzbekistonga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari koʻpaymoqda.

 

Shu munosabat bilan, tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, xususan, elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakat hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

 

“Elektron sigaretalardan foydalanuvchi yoshlar salmogʻi katta yoshdagilarga nisbatan deyarli 5 barobar koʻp. Eʼtibor qarating, 30 yoshdan 70 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida 7 mingdan nafardan ortiqni tashkil etgan boʻlsa, 18 yoshdan 29 yoshgacha boʻlganlar orasida 32 ming nafardan ortiq. Mana qanday kuzatish. Eng achinarlisi, maktab oʻquvchilari orasida ushbu mahsulotlarga qiziqish tez suratlarda ortib bormoqda. Tahlillarga koʻra, bugun 30 mingga yaqin oʻgʻil bolalar va 9 mingga yaqin qizlar chekishga moyil boʻlsa, 12 ming nafardan ortiq bolalar va oʻsmirlar ushbu sigaretalarni muntazam chekadi”, deydi senator Bahrom Abdullayev.

 

Xabarga koʻra, qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan, elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Yigʻilishda ushbu qonun nafaqat aybdor shaxslarni jazolashga qaratilganligi bilan, balki sodir etgan noqonuniy harakatlari toʻgʻrisida oʻz ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatli ekanligi qayd etilgan.

 

Senatorlar tomonidan qonun aholining hayoti va sogʻligʻini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi taʼkidlangan.

 

Muhokama yakunida hujjat senatorlar tomonidan maʼqullangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//