Raqobat qoʻmitasi narxlarni soʻmda koʻrsatmayotganlarni ogohlantirdi

Saqlash
10:37 / 30.04.2025 57 0

Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) reklamalarida narxlarni xorijiy valyutalarda koʻrsatish keng tarqalayotgani kuzatilmoqda.

 

Raqobat qoʻmitasi mazkur holatlar yuzasida munosabat bildirar ekan, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunining 16-moddasini eslatib oʻtadi.

 

“Narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida koʻrsatish reklamada narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida koʻrsatish taqiqlanadi”.

 

Bundan tashqari, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunining 9-moddasida, mamlakat hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshirilishi belgilangan.

 

“Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi”, deyiladi xabarda.

 

Qonunda isteʼmolchilar – jismoniy yoki yuridik shaxslarga yoʻnaltirilgan reklama uchun istisnolar belgilanmagan. Qiymat koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olgan har qanday reklama-axborotida narxlar soʻmda koʻrsatilishi kerak.

 

Shu bilan birga, narxlarni soʻmda koʻrsatishga doir talablar har qanday ochiq reklama-axborotiga, shu jumladan, internet tarmogʻida erkin foydalanishi mumkin boʻlgan ochiq sahifaga joylashtirilgan axborotlarga ham bevosita taalluqlidir.

 

Yuqoridagi normalarni hisobga olgan holda, Raqobat qoʻmitasi reklama beruvchi, tayyorlovchi va reklama tarqatuvchilarni rasman ogohlantiradi!

 

Xabarga yozilishicha, reklama-axborotida tovar (ish, xizmatlar) toʻgʻrisida maʼlumotlarni xorijiy valyutada koʻrsatilishi reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishiga olib keladi hamda tegishli javobgarlikka sabab boʻladi.

 

Qoʻmita tadbirkorlardan oʻz faoliyatiga doir reklama maʼlumotlarini tayyorlashda amaldagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etishni soʻragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//