Endi “Yil oʻqituvchisi” tanlovi g‘oliblariga 525 mln soʻm pul mukofoti beriladi

Saqlash
15:51 / 29.04.2025 223 0

Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim sohasi xodimlari oʻrtasida “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

 

Unga asosan, “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.

 

“Yil oʻqituvchisi” tanloviga nomzodlar oʻzlari dars beradigan bitta fandan, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari esa boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida ishtirok etadi.

 

Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali roʻyxatdan oʻtadi.

 

Bunda tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi:

▪️ birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti boʻyicha nazariy bilimlari baholanadi;

 

▪️ ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod oʻtgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;

 

▪️ uchinchi bosqichda — nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.

 

Tanlov yakunlariga koʻra har ikki yilda bir marta oktyabr oyida gʻolib deb topilgan har bir nomzod reyestri Vazirlik tomonidan yuritiladigan hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.

 

Ushbu sertifikat asosida gʻoliblarga Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan BHMning 1 400 baravariga teng boʻlgan mukofot puli beriladi(BHM hozirda 375 000 so‘m x 1 400=525 000 000 so‘m).

 

Bundan tashqari, pedagogik mahorat markazlari direktorlari oʻrtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovida esa ishtirokchilarning 4 ta yoʻnalish boʻyicha faoliyati natijalari oʻrganiladi.

 

Bular:

▪️ hududda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha erishilgan natijalar;

▪️ moliyaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha erishilgan natijalar;

▪️ zamonaviy uslubda taʼlim jarayonini tashkil etish boʻyicha erishilgan natijalar,

▪️ markazni tajribali kadrlar bilan taʼminlash va zamonaviy boshqaruv usullarining joriy qilinganligi.

 

Mazkur tablov gʻoliblariga ham BHMning 1 400 baravariga teng pul mukofoti topshiriladi.

 

“Tanlovlar haqida batafsil maʼlumot, yangiliklarni vazirlik sahifalari orqali berib boramiz. Biz ushbu megatanlovlarni adolatli, shaffof, faxriy pedagoglarimiz, ekspertlar va jamoatlik vakillari bilan hamkorlikda tashkil etamiz”, deydi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//