Onasi va buvisini kaltaklagan oʻsmir boʻyicha rasmiylar munosabat bildirdi

Saqlash
10:45 / 28.04.2025 197 0

Bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda “Oʻgʻil onasini shafqatsizlarcha kaltaklamoqda” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bu esa jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilindi.

 

Maʼlum boʻlishicha, voqea 24-aprel kuni Namangan viloyati Davlatobod tumanida sodir boʻlgan.

 

Oʻsha kuni 38 yoshli S.Sh. yashash xonadonida 14 yoshli oʻgʻli R.A. bilan maishiy sabablarda (bolaning buzilgan uyali telefoni taʼmirga berilmay, oila aʼzolari tomonidan tashlab yuborilganligi tufayli) nizolashib, ona va oʻgʻil bir-birini urgan.

 

Nizoni, ayolning onasi, bolaning buvisi X.A. toʻxtatishga uringan, biroq bola buvisiga ham qoʻl koʻtargan.

 

Masʼul idoraning xabariga koʻra, mazkur holat yuzasidan Davlatobod tuman ichki ishlar boʻlimi, tuman hokimligi, maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi hamda mahalla fuqarolar yigʻini vakillari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

 

Aniqlik kiritilishicha, tumandagi 80-umumtaʼlim maktabida tahsil olayotgan oʻsmirning bunday xatti-harakatiga onasi va buvisi tomonidan unga nisbatan qilingan qoʻpol harakat va haqoratlar sabab boʻlgan. Oqibatda, u bunga bardosh bera olmay, stress taʼsirida kuch ishlatgan.

 

“Ona va voyaga yetmagan shaxs bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, tomonlar yarashtirildi. Ularga nisbatan ogohlantirish choralari koʻrilib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi. Tegishli mutasaddi organlar tomonidan doimiy nazorat oʻrnatilganligi bildiriladi”, deyiladi xabarda.

 

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham holatga munosabat bildirdi. Uning taʼkidlashicha, bolada shakllanayotgan xulq-atvor uchun oiladagi yoshi kattalar masʼul hisoblanadi:

 

“Bola tarbiyasi borasida ahamiyatsiz jihatning oʻzi yoʻq. Bola oʻzini tutishi, uning axloqi – oila aʼzolarining, ayniqsa ota-onaning xulqi, bolaga boʻlgan munosabati koʻzgusidir. Ota-onalar farzand tarbiyasiga masʼul, uning qiziqishlari va xulqidagi salbiy oʻzgarishlarga oʻz vaqtida eʼtiborli boʻlish shunday xunuk vaziyatlardan saqlaydi”, deya oʻz fikrini bayon qilgan Bolalar ombudsmani.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//