Sohibqironning oʻlim toʻshagida yotgani tasvirlangan miniatyura topildi

Saqlash
11:50 / 27.04.2025 284 0

Oʻlim toʻshagida yotgan Amir Temurning soʻnggi kunlari tasvirlangan miniatyura Eron Milliy kutubxonasida saqlanayotgani maʼlum boʻldi.

 

Mazkur surat mashhur fors-tojik shoiri, Abdurahmon Jomiyning jiyani Abdulloh Hotifiyning XVI asr boshlarida Sohibqironni sharaflab yozgan “Temurnoma” asari qoʻlyozmasidan olingan boʻlib, unda buyuk sarkardaning oʻlim toʻshagida yotgani koʻrish mumkin.

 

 

Maʼlumot uchun, Temuriylar davri adabiyotining yetuk vakili Abdulloh Hotifiy 1454-yilda Eronning Jom viloyatiga qarashli Xarjird qasabasida tugʻilgan.

 

Uning ijodida togʻasi, mashhur shoir Abdurahmon Jomiyning hissasi katta boʻlgan. U Nizomiy, Dehlaviy, Jomiy va Navoiy singari ulugʻ mutafakkirlar izidan borib, oʻz “Xamsa”sini yaratgan. Mazkur besh dostondan biri – “Temurnoma” sohibqiron Amir Temurning jahongirlik salohiyatiga bagʻishlanadi.

 

Hotifiyning “Xamsa”si “Layli va Majnun”, “Shirin va Xusrav”, “Haft manzar”, “Temurnoma”, “Futuhoti shohiy” yoki “Shohnoma” dostonlaridan iborat.

 

“Xamsa”dagi “Layli va Majnun” Hotifiyning eng mukammal dostonlaridan biridir. Bu doston Alisher Navoiyga bagʻishlangan.

 

Doston muqaddimasida “Dar taʼrifi Mir Alisher” (“Mir Alisher taʼrifida”) sarlavhali maxsus bob borki, u ham Hotifiyning asari Navoiyga, yaʼni oʻz idealidagi komil insonga bagʻishlanganini tasdiqlaydi.

 

Hotifiy hayotining soʻnggi yillari safaviylar davriga toʻgʻri keladi. Shoh Ismoil Safaviy shoirga homiylik qilgan. Shoir oʻz uyida xasta yotganida Shoh Ismoil Safaviy uning holidan xabar olgani keladi. Shoir umrining soʻnggi yillarida shohga atab “Ismoilnoma” dostonini ham yozgan. Ammo maʼlumotlarga koʻra, bu doston oxiriga yetmay qolgan. Hotifiy 1521-yilda vafot etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//