
Jamiyat
Fonogrammadan foydalanish cheklanadi
Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag'lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist” va “Oʻzbekiston Respublikasi xalq hofizi” davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi.
Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslardan davlat boji undirilmaydi
Prezident farmoni bilan, 2025-yil 1-maydan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar YATT yoki yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda, davlat boji undirilmaydi.
Shuningdek, agar bunday shaxslar biznesini yiriklashtirgan boʻlsa, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash kompleks dasturlari doirasida 150 mln soʻmgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Kam taʼminlangan oilalarga elektr va gaz toʻlovlarining bir qismi kompensatsiya qilib beriladi
2025-yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelgacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambagʻal oilalar reyestriga (Reyestrlar) kiritilgan, shuningdek, Reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli boʻyicha kam taʼminlangan oilalar mezonlariga toʻgʻri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
🔸elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha – oyiga bazaviy meʼyordan 150 kVt soatgacha;
🔸tabiiy gaz isteʼmoli boʻyicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar oʻrtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Mahalla raislari oʻqitiladi
Fuqarolar yigʻini raislari Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida oilaviy mediatsiya ishlari boʻyicha professional mediatorlikka bepul oʻqitiladi.
“Hamkor tadbirkor” dasturi yoʻlga qoʻyiladi
1-maydan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yoʻlga qoʻyiladi:
🔹oʻz biznesini tashkil etmoqchi boʻlgan xotin-qizlarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish;
🔹kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish;
🔹mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga oʻz mahsulotlarini joylashtirish va sotishga koʻmaklashish.
Tadbirkor ayollar qoʻllab-quvvatlanadi
“HAMROH” tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida:
🔸xotin-qizlarga “yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratish yoʻlga qoʻyiladi;
🔸ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan xotin-qizlarga 100 mln soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi;
🔸ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Buzilayotgan turar va noturar joy obyektining bozor qiymati toʻliq qoplab beriladi
Prezident farmoni bilan:
🔹 qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar boʻlgan jarayonlar toʻliq onlayn rejimida “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi;
🔹 qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, hamda davlat yongʻin nazorati organlaridan xulosa olinadi;
🔹Inspeksiyada roʻyxatdan oʻtgan va u tomonidan nazorat qilinadigan koʻp kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi.
“Ijtimoiy daftarlar”da turuvchilarni davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xarajatlari qoplab beriladi
“Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga nafaqa toʻlanadi
Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali toʻlab beriladi.
“Xavfsiz lift” platformasi ishga tushiriladi
Koʻp kvartirali uylardagi lift uskunalarining texnik holatini tubdan yaxshilash, avariya holatlarini oldini olish, aholiga xavfsiz shart-sharoitlar yaratish, lift uskunalarini monitoring qilish hamda zamonaviy dispetcherlik xizmatini koʻrsatish maqsadida “Xavfsiz lift” elektron platformasi joriy etiladi.
Kambagʻal oilalarga koʻmak tartibi oʻzgaradi
Ijtimoiy shartnoma asosida mahallalardagi kambagʻal oilalarga koʻmak koʻrsatilishi 2025-yil 1-martdan boshlab Sirdaryo viloyati Xovos tumanida tajriba tariqasida joriy etilishi belgilangan edi. 2025-yil 1-maydan boshlab esa bu amaliyot respublikaning boshqa hududlarida kuchga kiradi.
Bunda Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar tomonidan ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, ushbu oilalarga toʻlanadigan kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam miqdorini “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori bilan 30 foizgacha kamaytirish tartibi joriy etiladi.
Taʼlim muassasalarida “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshiriladi
“Toza qoʻllar” dasturi doirasida barcha taʼlim muassasalarining qoʻl yuvish joylari zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan taʼminlanadi.
Viloyat markazlarida ayrim loyihalarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi
2025-yil 1-maydan boshlab atrof-muhitga salbiy taʼsir qiluvchi yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Atrof-muhitga taʼsiri yuqori boʻlgan korxonalar esa Toshkent va viloyat markazlaridan koʻchirilishi mumkin.
Yangi elektromobillar uchun utilizatsiya yigʻimi oshiriladi
Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, utilizatsiya yigʻimi 2 xil miqdorda boʻladi:
1. Ishlab chiqarilganiga 3-yilgacha boʻlgan elektromobillar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari (45 mln soʻm);
2. Ishlab chiqarilganiga 3-yildan koʻp boʻlgan elektromobillar uchun — BHMning 210 baravari (78 mln 750 ming soʻm).
Mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan markirovkalashga ruxsat beriladi
Bu bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan vakolat berilgan sertifikatlashtirish organlari shugʻullanishlari mumkin.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan olti oyda “Halol” talablariga muvofiq sertifikatlashtirish organini akkreditatsiyadan oʻtkazish topshirilgan.
Ishsiz fuqarolar 35 turdagi bozori chaqqon kasblarga bepul oʻqitiladi
Mazkur tizim joriy yilning 1-fevralidan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan oʻtkaziladi.
1-maydan esa barcha respublikaning barcha hududlarida joriy qilinadi.
Bunda yosh chegarasi chegaralanmagan. Vaucher tizimi uchun ham hech qanday haq olinmaydi. Oʻqish jarayoni qancha muddat davom etishidan qatʼiy nazar, xarajatlar 100 foiz toʻlab beriladi.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q