Xususiy tibbiyot muassasalarida sodir boʻlayotgan noxush holatlar sabab SSVga deputatlik soʻrovi yuborildi

Saqlash
15:15 / 26.04.2025 121 0

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi, deputat Gulnora Abduvohidova xususiy tibbiyot muassasalarida notoʻgʻri tibbiy muolajalar oqibatida fuqarolar salomatligiga jiddiy zarar yetishi va hatto oʻlim bilan yakunlanayotgan holatlar koʻpayib borayotgani yuzasidan Sogʻliqni saqlash vaziri A.A.Xudayarovga deputatlik soʻrovi yubordi.

 

Soʻrovnomada ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida shifokorlarning notoʻgʻri tashxisi yoki muolajasi sababli fuqarolarning vafot etishi, nogiron boʻlib qolishi kabi ayanchli holatlar soni ortib borayotgani jamoatchilikda xavotir uygʻotayotgani taʼkidlangan.

 

Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, tibbiyot xodimlarining kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmasligi bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha chiqarilgan hukmlar soni yildan yilga oshib bormoqda (masalan, 2023-yilda – 67 nafar, 2024-yilda – 94 nafar, 2025-yilning birinchi choragida – 16 nafar).

 

Abduvohidova yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan Fargʻona va Buxorodagi xususiy klinikalarda roʻy bergan oʻlim holatlari, shuningdek, notoʻgʻri plastik jarrohlik oqibatida yosh blogerning sogʻligʻiga jiddiy putur yetgani kabi voqealarni misol qilib, bunday salbiy tendensiyaning sabablarini oʻrganish va unga chek qoʻyish zarurligini bildirgan.

 

Deputatlik soʻrovida Sogʻliqni saqlash vazirligi oldiga quyidagi muhim savollar qoʻyilgan:

▪️ Xususiy tibbiyot muassasalarida ushbu noxush holatlar koʻpayishining asl sabablari nimada va ularning oldini olish boʻyicha vazirlik tomonidan qanday choralar koʻrilmoqda?

 

▪️ Xususiy klinikalarda roʻy bergan har bir inson oʻlimi, nogironlik yoki sogʻliqqa jiddiy zarar yetkazish holati vazirlik tomonidan tahlil qilinganmi va ularning takrorlanmasligi uchun qanday amaliy ishlar qilingan?

 

▪️ Xususiy tibbiyot muassasalarida muolajalarning toʻgʻri qoʻllanilishi va tasdiqlangan tibbiy protokollarga amal qilinishi ustidan tizimli nazorat mexanizmi mavjudmi? Bu borada qanday aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?

 

▪️ Vazirlik aholi salomatligini ishonchli himoya qilish maqsadida xususiy klinikalar uchun litsenziya talablari va shartlarini qatʼiylashtirish boʻyicha qanday taklif va tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda?

 

Deputat G.Abduvohidova “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq, Sogʻliqni saqlash vaziridan yuqoridagi savollarga 10 kun muddat ichida asoslantirilgan javob berishni soʻragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//