Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Saqlash
13:56 / 24.04.2025 59 0

 

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda DXX xabar berdi.

 

Qayd qilinishicha, tadbir Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari VII Maslahat uchrashuvidagi raisligi doirasida tashkil etildi. Tadbir ochilishida ishtirokchilarga prezident Shavkat Mirziyoyevning murojaati oʻqib eshittirildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari muloqoti mintaqaviy xavfsizlikni taʻminlash boʻyicha qoʻshma yondashuvlar va taʻsirchan mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.

 

Uchrashuv davomida asosiy eʻtibor mintaqa mamlakatlari xavfsizligiga zamonaviy tahdidlar va xatarlarga baho berishning yagona yondashuvlarini ishlab chiqish, shuningdek ularni bartaraf etishda maxsus xizmatlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi.

 

Tomonlar mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm, ekstremizm, noqonuniy narkotik va qurol-yaroq aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy jinoyatchilik, axborot va kiberxavfsizlikni taʻminlash sohalaridagi dolzarb masalalarni hamda oʻzaro manfaatli boshqa hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildi.

 

Taʻkidlanishicha, ushbu tadbir Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich boʻlib, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash maqsadida maxsus xizmatlar rahbarlarining muntazam uchrashuvlariga asos soldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//