
Siyosat
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandda Motamsaro ona haykali poyiga gul qoʻyayotganida “Nega bu yerda oʻzbekcha va inglizcha yozuv boru, ruschasi yoʻq?” qabila aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi Boshqaruvi raisi, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja hamda “Milliy tiklanish” DP MK raisi Alisher Qodirov oʻz munosabatini bildirdi.
Jumladan, Sherzodxon Qudratxoʻja har bir mamlakat oʻzining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat oʻzi hal qilishini taʼkidladi.
“Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi notoʻgʻri. Zero, biz ularning koloniyasi emasmiz!” deb yozdi u oʻz Telegram sahifasida.
Sherzodxon Qudratxoʻja, shuningdek, nega Oʻzbekistonning Rossiyadagi migrantlar diskriminatsiya qilinishi, nimaga ularga nisbatan mahalliy hokimiyat, migratsion xizmatlar yoki politsiya tomonidan oddiy inson huquqlarini poymol qiluvchi holatlar qoʻllanilsa, Rossiya jamoatchiligi va davlat rasmiylari jim turishini savol sifatida oʻrtaga tashlar ekan, “Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda baʼzi masalalar boʻyicha Lavrov kabi dadil savol berishni oʻrganishlari kerak, shekilli”, dedi.
“Sergey Lavrov kelib, bizga “ona timsoli — muqaddas” ekanligini tushuntirmoqchi ekan, oddiy bir yozuvni bor yoʻqligiga diqqat qaratarkan, biz ham unga “inson huquqlari ham muqaddas” ekanligini diqqat eʼtiboriga solishimiz va eslatishimiz kerak.
Lavrov Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqining hamkorligi toʻgʻrisida ham gapiribdi. Kim bilan qanday aloqalar oʻrnatishni yoki qay darajada hamkorlik qilishni davlatning oʻzi hal qiladi! Oʻzbekistonning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqqi yoʻq. Jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan ham oʻzaro aloqalar darajasini Oʻzbekistonning oʻzi belgilaydi. Bu davlatimizning tashqi siyosati koʻp vektorlik ekanligini koʻrsatadi”, deya munosabat bildirdi “Xalqaro press klub” raisi.
Bundan tashqari, ushbu holat haqida “Milliy tiklanish” DP MK raisi Alisher Qodirov ham oʻz sahifasida quyidagicha yozdi:
“Rus siyosatchilari Oʻzbekistonda rus madaniyati va rus tiliga boʻlgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yoʻllarni sinab koʻrishmoqda.
Nega Oʻzbekistonda yoshlar hech kim eslatib turmasa ham ingliz, nemis, turk va arab tillarini oʻrganishga harakat qiladilar?
Soʻrab olingan hurmat va yolgʻon yaratilgan ehtiyojdan faqat teskari natija boʻlishini vazir Lavrov bilmasligi mumkin emas” .
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q