“Namangan shahri hokimi mashinasi 47 ta qoidabuzarlik sodir etgan” – Namangan YHXB

Saqlash
16:29 / 22.04.2025 61 0

Namangan viloyati IIB YHXB boshligʻi Mansur Gaziyev Namangan shahar hokimi Anvar Otaxoʻjayevning noqonuniy radarlar haqidagi xatiga javob qaytardi. Unda hokimlik xizmat mashinalari koʻplab qoidabuzarlik sodir etayotgani aytilgan.

 

Viloyat YHXB boshligʻining javob xatida Namangan shahar hokimi Anvar Otaxoʻjayevning xizmat mashinasi 47 marotaba qoidabuzarlik sodir etgani aytiladi.

 

“Prezidentning 2018-yil 30-oktyabrdagi PQ-3989-sonli qaroriga asosan 8 ta chorrahaga, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 21-apreldagi 232-son qaroriga asosan Namangan shahrida tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan 3 ta chorraha va 5 ta toʻgʻri yoʻl uchastkasiga, prezidentining 2022-yil 4-apreldagi PQ-190-sonli qaroriga asosan viloyat hokimligi tomonidan 6 ta chorraha va 5 ta toʻgʻri yoʻl uchastkasiga yoʻl harakati qoidalari buzilishini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik qurilmalari oʻrnatilgan.

 

Qurilmalar qoidabuzar haydovchilarga nisbatan chora koʻrish hamda avtomobil yoʻllarida tartibli harakatni taʼminlash orqali inson xavfsizligini ishonchli himoya qilish va oʻlim holatlarini keskin kamaytirishga xizmat qilmoqda.

 

Masalan, Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlari hududidagi qurilmalar aynan yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlari hisoblangan joylarga oʻrnatilgan boʻlib, bu yoʻnalishlarda 2024-yilda piyodalar bilan bogʻliq 156 ta YTH sodir etilgan. Shundan 13 tasi oʻlim bilan, 143 tasi esa tan jarohat bilan yakunlangan. Ogʻir oqibatlarga olib kelgan YTHlarning 70 foizi haydovchilarning tezlikni meʼyoridan oshirganliklari oqibatida yuzaga kelgan. Joriy yilda esa tezlikni qayd qilish qurilmalari nazorati sababli mazkur yoʻnalishlarda oʻlim bilan yakunlangan YTHlar sodir etilmadi”, deyiladi boshqarma javob xatida.

 

Shuningdek, viloyat YHXB Namangan shahar hokimligi tasarrufidagi 50 020 DAV davlat raqam belgili Captiva mashinasi 2024-yil va joriy yilda jami 47 ta qoidabuzarlik sodir etganini, 11 ta holatda 8 mln 170 ming soʻm soʻm muddati oʻtgan toʻlanmagan jarimalar borligini maʼlum qilgan.

 

“Hokimlikning boshqa transport vositalari tomonidan (50 023 DAV, 50 024 DAV, 50 025 DAV, 50 028 DAV) jami 41 ta qoidabuzarlik boʻyicha 18 mln 750 ming soʻm, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi (50 074 DAV, 50 075 DAV, 50 016 DAV, 50 017 DAV, 50 019 DAV va 50 022 DAV) transport vositalari tomonidan jami 46 ta qoidabuzarlik boʻyicha 16 mln 307 000 soʻm miqdorda muddati oʻtgan toʻlanmagan jarimalar mavjud ekani aniqlandi”, deyiladi Mansur Gaziyevning javob xatida.

 

Viloyat YHXB boshligʻi hokimdan Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi mashinalar tomonidan sodir etilayotgan surunkali qoidabuzarliklarni tanqidiy muhokama qilishini hamda muddati oʻtgan jarimalarni undirishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻragan.

 

Namangan shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Raxmonjon Mamadaliyevning Kun.uz nashriga bildirishicha, 50 020 DAV davlat raqam belgili Captiva xizmat mashinasi sifatida shahar hokimi Anvar Otaxoʻjayevga biriktirilgan.

 

“Biz belgilangan talablarga zid ravishda simyogʻoch, yoritish uskunalari va binolarga oʻrnatilgan radarlarni olib tashlashni soʻragandik. Sababi noqonuniy va talablarga zid oʻrnatilgan radarlar tomonidan jarima kelsa buni sud orqali bekor qildirish mumkin. Bu esa fuqarolarni ovora qilmoqda.

 

Hokimlik mashinalarining qarzdorligi belgilangan talablarga zid ravishda oʻrnatilgan radarlardan kelgan. Biz sudga bermasdan xat qilgandik. Qolganlari boʻyicha qarzdorlik toʻlangan”, degan shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari.

 

Hokimlik vakili holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirilishini maʼlum qilgan.

 

Avvalroq Namangan shahar hokimi Anvar Otaxoʻjayev Namangan viloyati IIB YHXB boshligʻi Mansur Gaziyevga rasmiy xat bilan murojaat qilib, belgilangan meʼyorlarga zid ravishda oʻrnatilgan radarlarni olib tashlashni soʻragan edi. Hokimning xatida noqonuniy oʻrnatilgan radarlar aholida norozilik kayfiyati ortishiga sabab boʻlayotgani taʻkidlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//