
Jamiyat
Vazirlar Mahkamasining 17-apreldagi 235-son qarori bilan O‘zbekistonda 2025–2030-yillarda umummilliy birdamlik bog‘lari tashkil etiladi. Bu bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarning madaniy dam olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda hamjihatlik, ahillik va osoyishtalik kabi umummilliy qadriyatlarimizning ramzi va uni shakllantiruvchi makon sifatida belgilashdan iborat.
Qarorda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tegishli loyiha tashkilotlari bilan birgalikda 2025-yil 15-mayga qadar istirohat bog‘larining namunaviy loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yetkazishni ta’minlashi belgilangan.
Istirohat bog‘larining namunaviy loyihasini ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bog‘larning 60 foiz hududida yashil maydon sifatida daraxt va butalar ekish, piknik zonalar, yosh bolalar uchun maxsus jihozlangan qumloqlar, ochiq osmon ostidagi kichik kutubxonalar, tasviriy va amaliy san’at bilan shug‘ullanish hududlari hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar orqali sokin hududlar tashkil etiladi.
Shuningdek, velosiped yo‘lakchalari, bolalar attraksionlari va oilaviy dam olish uchun boshqa obyektlarni o‘z ichiga olgan oilaviy madaniy dam olish maydonlari barpo etilishi ham nazarda tutilgan.
Sokin hududlarni tashkil etishda daraxt va butalarga zarar yetkazmaslik va nobud qilmaslik maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali qo‘riqlanadigan chegaralar belgilanadi, daraxtlarni sug‘orish tizimi qayta ko‘rib chiqiladi va samarali faoliyati ta’minlanadi.
Bog‘larda shoir va yozuvchilar, fan, ta’lim va madaniyat sohasining ko‘zga ko‘ringan vakillari ishtirokida muntazam badiiy kecha va uchrashuvlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib boriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q