“Fargʻona vodiysi ortiq ʻporox bochkasiʻ emas” – Sherzod Asadov

Saqlash
15:50 / 17.04.2025 263 0

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi davlat rahbarining say-harakatlari tufayli Fargʻona vodiysi keskinlik oʻchogʻidan doʻstlik markaziga aylanganini taʻkidladi.

 

“1997-yilda oʻz davrining yirik geostrateglaridan biri boʻlgan Zbignev Bjezinskiy oʻzining “Buyuk shaxmat taxtasi” kitobida Fargʻona vodiysini geosiyosiy keskinlik oʻchogʻiga aylanishini bashorat qilgan, ayrim ekspertlar esa hatto “porox bochkasi”ga oʻxshatgan edi. Darhaqiqat, uchta mustaqil mamlakatga daxldor bu qadimiy hududda yaqin-yaqingacha shunday voqealar roʻy berdiki, koʻpchilik bu mashʼum bashorat haqiqatdan unchalik ham yiroq emasligiga ishongandi.

 

Ammo bugun biz butunlay boshqacha voqelikda yashamoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni koʻra biladigan rahbarligi, tizimli va chuqur oʻylangan islohotlari tufayli Fargʻona vodiysining uchta viloyati va uning yuragi boʻlmish Andijon butunlay oʻzgarib ketdi.

 

Bugungi kunda Andijon iqtisodiy oʻsish, tadbirkorlik tashabbusi, innovatsiya ruhi, intellektual taraqqiyot va madaniy tiklanishning qudratli markaziga aylangan. Bu shunday zaminki, har bir yangi loyiha kelajak poydevorini mustahkamlaydigan tamal toshidir. Bu yerda odamlar orzu qilyapti va oʻz maqsadlariga erishyapti. Oʻqiyman, izlanaman, daromad topaman va boshqalarga ham daromad manbai yarataman deganlarga – keng yoʻl. Yangi – Bobur shahri qurilmoqda.

 

Tan olish kerak, Andijon - ilm, intilish, mehnatsevarlik va toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan davlat siyosati butun bir hududni naqadar oʻzgartirib yuborishi mumkinligining yorqin namunasidir. Aholisi zich, yer resurslari cheklangan, yaqingacha sanoati faqat Asaka zavodidan iborat boʻlib kelgan viloyat ahli Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar kuchidan, yaratilgan har bir imkoniyatdan toʻliq, maksimal darajada foydalanyapti, har jabhada real, kundalik hayotda sezish mumkin boʻlgan natijalarga erishayapti. Bundan quvonsak va ibrat olsak arziydi, albatta.

 

Eski bashoratlarni unutish vaqti keldi. Endilikda, shu jumladan uch davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari va doʻstligi tufayli bugun Fargʻona vodiysi “porox bochkasi” emas, balki imkoniyatlar, farovonlik, tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va bunyodkorlik makoniga aylandi. Andijon, Fargʻona va Namanganga kelsak, ular ertangi kunga ishonch va kuchli, adolatli Davlat rahbarining eʼtibori bilan xalqimiz nimalarga qodir ekanini isbotlamoqda”, deya soʻzini tugatgan Sherzod Asadov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//