“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalar tizimi tashkil etiladi

Saqlash
08:59 / 17.04.2025 135 0

Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatidagi ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrifi chogʻida sport sohasi va olimpiya harakatiga oid taqdimot bilan tanishdi.

 

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda ommaviy sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 15 millionga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun “Mahalla ligasi”, “Maktab ligasi”, “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va a“Kasaba uyushmalari kubogi” kabi musobaqalar tashkil etiladi.

 

Sportchi yoshlarni saralash va mahoratini oshirish boʻyicha berilgan topshiriqqa koʻra, seleksiya, sport taʼlimi va olimpiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish ishlari boshlangan. Bunda hududlardagi 254 ta sport maktabi, olimpiya yoʻnalishlariga ixtisoslashgan 56 ta sport maktabi milliy terma jamoalarga asosiy zaxira boʻladi. Joylardan saralangan yoshlar tana antropometriyasi va qobiliyatidan kelib chiqib, maqsadli tayyorlanadi.

 

Ularni tayyorlash uchun yiliga ikki marta “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalar tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Viloyat bosqichi gʻoliblari har yili dekabrda Olimpiya shaharchasida oʻtkaziladigan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etadi. Musobaqa gʻoliblari uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi. Birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi.

 

Prezident sport taʼlimida vertikal tizimni takomillashtirib, ilgʻor uslub va yondashuvlarni tatbiq qilish zarurligini taʼkidladi. Sport maktablarining natijadorligini oshirish, qobiliyatli yoshlarni yetuk sportchilar etib tarbiyalash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//