Nomoddiy madaniy merosni saqlovchilar ragʻbatlantirildi

Saqlash
15:16 / 15.04.2025 241 0

Prezident qarori bilan Madaniyat vazirligiga noyob va (yoki) yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan nomoddiy madaniy meros (NMM) namunalarini saqlovchi shaxslarni aniqlash, ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va samaradorligini baholash mezonlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

 

Mazkur topshiriq asosida birinchi bosqichda Madaniyat vazirligi tomonidan 20 nafar nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchilar aniqlanib, ular bilan hamkorlik oʻrnatilgan.

 

Belgilangan mezonlar asosida yuqori baholangan shaxslarga har oyda Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan 5 mln soʻm miqdorida moddiy ragʻbat puli ajratilishi koʻrsatilgan.

 

Ushbu tashabbus hozirda amaliyotga tatbiq etilmoqda. Jumladan, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot institutida noyob va (yoki) yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan anʼanaviy bilimlar va amaliy koʻnikmalarni asrab-avaylab kelayotgan 9 nafar saqlovchilarning faoliyati munosib baholandi va ragʻbatlantirildi.

 

Ular oʻz hududlarida asrlar davomida shakllangan va bugungi kunda yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan anʼanalarni tiklash, yosh avlodga yetkazish va keng jamoatchilikka targʻib etish yoʻlida fidokorona mehnat qilmoqda.

 

Taqdirlash marosimida mazkur meros saqlovchilarga oʻzbek milliy merosini saqlash va rivojlantirish borasidagi xizmatlari uchun Madaniyat vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan ikki oylik ragʻbatlantirish mablagʻlari tantanali tarzda topshirildi.

 

Taʼkidlanishicha, bunday yondashuv, shubhasiz, nomoddiy madaniy merosning asrab-avaylanishi, ommalashtirilishi, targʻib etilishi, uzluksiz uzatilishi va keng jamoatchilikka yetkazilishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//