Xalqaro malakalar va baholash markazi tashkil etiladi

Saqlash
10:31 / 15.04.2025 125 0

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, xalqaro darajada tan olingan milliy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha birinchi navbatdagi choralar tasdiqlandi.

 

Xabarga koʻra, Strategik islohotlar agentligi tashabbusi bilan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda xalqaro “IQF – Integrated Qualifications Framework” kompaniyasi hamkorligida Xalqaro malakalar va baholash markazi tashkil etilmoqda.

 

Markazning asosiy vazifalari – xalqaro standartlar asosida integratsiyalashgan dasturlarni ishlab chiqish, jumladan qurilish, muhandislik, axborot texnologiyalari, transport va logistika, turizm, mehmonxona xizmati va biznes boshqaruvi yoʻnalishlarida xalqaro taʼlim dasturlarini bosqichma-bosqich joriy etish, shuningdek, kasbiy malakalarni belgilash va mehnat bozoriga mos milliy malaka sertifikatlar tizimini yaratishdan iborat.

 

Dastlabki bosqichda markaz kasbiy va oliy taʼlimning integratsiyalashgan dasturlari asosida tahsil olgan talabalar kreditlari va oʻqish natijalarini “Chartered Management Institute” xalqaro tashkiloti hamda Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlari (Gloucestershire, Hertfordshire, QA Higher Education, Northumbria, Ulster, West London, Central Lancashire, Wolverhampton) tomonidan tan olinishini taʼminlaydi.

 

Taʼkidlanishicha, markaz faoliyati mahalliy va xalqaro mutaxassislar ishtirokida yoʻlga qoʻyiladi va Oʻzbekiston taʼlim tizimini xalqaro maydonga integratsiya qilishda muhim boʻgʻinga aylanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//