Rossiya universitetining Toshkent filiali muhokamalarga sabab boʻlayotgan xabarni rad etdi

Saqlash
17:28 / 14.04.2025 167 0

Moskvadagi Gubkin (neft va gaz) universitetining Toshkent filialida tahsil oluvchi talabaning (ismi Muhidjon) “har hafta keksa avlod vakili Rossiyaning jasur qoʻshinlari haqida soʻzlab berishi” haqida aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, endi har hafta universitetda talabalarga maʼruzalar oʻqilmoqda.

 

“Biz, Oʻzbekiston fuqarolarining yosh avlodiga ham urush taʼsir qildi. Endi har hafta universitetda bizga maʼruzalar oʻqishmoqda, ularda keksa avlod vakili bizga “SVO” (“maxsus harbiy operatsiya” — tarjima) va Rossiya Federatsiyasining jasur qoʻshinlari haqida soʻzlab beradi. Men hanuz din ishlari boʻyicha markaz xodimining iqtibosini eslayman: “Men qadimgi pravoslav rus madaniyatining tashuvchisi sifatida Rossiya Federatsiyasi qoʻshinlari satanistlarga qarshi kurashayotganini taʼkidlayman”. Bu — safsata, bu — bemaʼnilik. Ukrainadagi urushga biz — mustaqil Oʻzbekiston yoshlarining qanday aloqamiz bor?”, deya uning soʻzlarini keltiradi Gazeta.uz.

 

Filial rahbariyati mazkur xabarga oʻzining rasmiy munosabatini bildirar ekan, murojaatda nomi tilga olingan shaxs filial talabalari tarkibida mavjud emasligini maʼlum qildi.

 

Shuningdek, munosabatda murojaatda keltirilgan dars jarayonlaridagi “targʻibot ishlari” haqidagi maʼlumotlar asossiz ekanligi, yaʼni ular haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aytiladi.

 

“Filialda taʼlim jarayoni belgilangan oʻquv rejasi va fanlar dasturi asosida tashkil etilgan”, deyiladi OTM munosabatida.

 

Filial maʼmuriyati ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanini bildirar ekan, OAV va jamoatchilik vakillaridan tasdiqlanmagan, bir tomonlama maʼlumotlarni tarqatmaslikni hamda rasmiy manbalarga tayanishni soʻragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//