Myanmada nochor holda qolgan o‘zbekistonliklar qutqarildi

Saqlash
10:25 / 14.04.2025 163 0

Foto: Dunyo AA

 

Oʻzbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboni boʻlgan oʻzbekistonliklarni oʻz oilasi bagʻriga qaytishida amaliy yordam koʻrsatdi.

 

Xabarga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari – M.S. va B.V. Myanmada odam savdosi qurboni boʻlganliklarini bildirib, vatanga qaytishda yordam soʻrab Bosh konsulxonaga murojaat qilgan.

 

Maʼlum boʻlishicha ular Tailandga internet orqali yuqori maoshli ish taklif qilinganidan soʻng yetib kelgan. Biroq mamlakatga kelgach aldanib, noqonuniy ravishda Myanmaga olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh qoʻliga topshirilgan.

 

Qurbonlar Myanmada noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zoʻravonlik va tahdidlar qoʻllanilgan. Jinoiy toʻda ularning ozod etilishi va vataniga qaytishi uchun katta miqdorda pul talab qilgan.

 

Bundan tashqari, 8 nafar Qirgʻiziston va 4 nafar Qozogʻiston fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgani oydinlashgan. Tailandda Qirgʻizistonning diplomatik vakolatxonasi yoʻqligi inobatga olinib, Qirgʻiziston tomonining iltimosiga koʻra, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlari ushbu fuqarolarni oʻz vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam koʻrsatgan.

 

Myanma va Tailand vakolatli organlari bilan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolari Mayesot (Tailand) chegara oʻtish punktida ozod qilinib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlariga topshirilgan. Ozodlikka chiqqanlar vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan taʼminlangan.

 

11-aprel kuni Oʻzbekiston va Qozogʻistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida 2 nafar Oʻzbekiston, 4 nafar Qozogʻiston va 7 nafar Qirgʻiziston fuqarosi oʻz oilasi bagʻriga muvaffaqiyatli qaytarilgan.

 

Qirgʻizistonning bir fuqarosi sogʻligʻi bilan bogʻliq holda tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.

 

“Bu holat mamlakatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari xorijda ham samarali hayotga tatbiq etilayotgani, odamlarga real yordam koʻrsatishda amaliy ifodasini topayotganining yorqin misolidir”, deyiladi xabarda.

 

Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi fuqarolarni xorijda ishga joylashish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqishda hushyor boʻlishga va axborot manbalarining ishonchliligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirmoqda.

 

Bosh konsulxona, shuningdek, vatandoshlarga Tailand, Kambodja, Myanma va Laosda ishga joylashish boʻyicha konsullik yordamini koʻrsatishga tayyorligini bildirgan.

 

#yakdilmintaqa #birdamlik

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//