Belgilangan vaqtda uyni topshirmagan qurilish kompaniyasiga nisbatan ish qoʻzgʻatildi

Saqlash
16:25 / 11.04.2025 261 0

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga fuqaro tomonidan “ZAMIN GREAT CITY” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma yuzasidan murojaat kelib tushgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, fuqaro Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi koʻp qavatli turar joydan 39,47 kv/m maydonga ega 2 xonali xonadonni sotib olish uchun 252 608 000 soʻm toʻlov amalga oshirilgan.

 

Shartnoma boʻyicha qurilish muddati 2024-yilning 4 choragida yakunlanishi belgilangan. Aniqlanishicha, uy hanuzgacha topshirilmagan, qurilish ishlari esa toʻxtab qolgan.

 

“Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 19-moddasiga muvofiq, isteʼmolchi belgilangan muddatda uy topshirilmagan taqdirda, shartnomadan voz kechish, yetkazilgan zararni qoplash va toʻlangan mablagʻni qaytarish huquqiga ega. Shuningdek, ijrochi qurilish muddatini buzgani uchun qonunchilikda nazarda tutilgan penya va boshqa majburiyatlarni bajarishi shart”, deyiladi xabarda.

 

Qoʻmitaning yozishicha, yuqoridagilarni inobatga olgan holda Maxsus komissiyasi tomonidan “ZAMIN GREAT CITY” MCHJga nisbatan ish qoʻzgʻatilgan boʻlib, qurilish muddatlariga amal qilish, isteʼmolchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilish va ularning moddiy manfaatlarini tiklash boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.

 

Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilarni qurilish shartnomalarini imzolashda ehtiyotkor boʻlishga, qurilish kompaniyalarini esa shartnomaviy majburiyatlarga qatʼiy rioya qilishga chaqirmoqda.

 

Maʼlumot uchun, 2024-yil hisobida Raqobat qoʻmitasiga qurilishda isteʼmolchilar huquqlarini buzilishi masalasi boʻyicha 1640 ta, 2025-yilning oʻtgan davri boʻyicha esa 234 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, koʻrib chiqish natijasida jami 16 mlrd 159 465,5 mln soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//