Endi barcha davlat xizmatchilari bir xil oylik oladimi?

Saqlash
15:12 / 11.04.2025 418 0

Oʻzbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining lavozim maoshlarini yagona prinsip asosida shakllantirishga oʻtiladi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 8-aprelida qabul qilingan qarorga bu boʻyicha tegishli band kiritilgan.

 

Xabarga koʻra, davlat fuqarolik xizmatchilariga davlat byudjeti, byudjetdan tashqari mablagʻlar va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash mexanizmlari bekor qilinishi kutilmoqda.

 

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bergan xabarga koʻra, bugungi kunda amaldagi davlat hokimiyati, respublika ijro etuvchi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimida quyidagi kamchiliklar mavjud:

▪️ xodimlarning mehnatga haq toʻlash miqdorlari har xil;

 

▪️ byudjetdan tashqari jamgʻarmalardan turli xil miqdorlarda qoʻshimcha ustamalar va toʻlovlar mavjud;

 

▪️ sohadagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar eskirgan;

 

▪️ lavozim maoshining oylik ish haqi fondidagi ulushi kam;

 

▪️ mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan turli xil miqdorlarda qoʻshimcha ustamalar toʻlab kelinmoqda.

 

Shu sababli ham davlat fuqarolik xizmati xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimi tubdan takomillashtirilishi mumkin.

 

Vazirlik buning natijasida quyidagi natijalar kutilayotganini maʼlum qilgan:

➖ barcha vazirlik va idoralar uchun yagona, shaffof va adolatli mehnatga haq toʻlash tizimini joriy etish;

 

➖ bajaradigan funksiya va vazifalarning turi va murakkabligiga qarab, lavozim toifalarini belgilash;

 

➖ barcha vazirlik va idoralar uchun ish haqi tizimini va ularni moliyalashtirish manbalarini birxillashtirish (faqat byudjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi);

 

➖ byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan ish haqi xarajatlarini amalga oshirishni taqiqlash;

 

➖ xalqaro tan olingan standartlarga mos ravishda davlat xizmatchilariga yangidan tarif koeffitsiyentlari, martaba darajasi, qoʻshimcha ustama (KPI) va yillik bonuslar joriy etish.

 

Qaror asosida, sentyabr oyigacha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

 

Bunda vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamgʻarma hisobvaraqlarini qisqartirish tartibi belgilanishi ham koʻzda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//