Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

Saqlash
17:27 / 10.04.2025 262 0

 

Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Jahon banki guruhining operatsiyalar boʻyicha boshqaruvchi direktori Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Oʻzbekistonning Jahon banki bilan keng koʻlamli strategik hamkorligini yanada rivojlantirish, eng avvalo, ushbu global moliyaviy institut tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar strategiyasini qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqildi. Uchrashuv avvalida Anna Berde davlat rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

 

 

Keyingi yillarda sheriklik munosabatlari yuksak darajaga chiqib, salmoqli natijalar berayotgani qayd etildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston bankning eng yirik hamkorlaridan biridir. Loyihalar portfeli 12 milliard dollardan oshdi. Jahon banki iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va ijtimoiy sohaning barqaror rivojini taʻminlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda moliyaviy, konsultativ va texnik koʻmak koʻrsatmoqda.

 

Bank koʻmagida xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalar mexanizmi takomillashtirildi, ularni tayyorlashni tezlashtirish va sifatini oshirish boʻyicha yangi tartib qabul qilindi. Kambagʻallikka qarshi kurashish, eng avvalo, turizm sohasida xotin-qizlar va yoshlar uchun ish oʻrinlari yaratish, xususiy sektorni va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish kabi yoʻnalishlar kelgusi amaliy sheriklikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

 

Uglerod chiqindilarini qisqartirish, urbanizatsiya va infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatimizning JSTga aʻzo boʻlishiga koʻmaklashish borasidagi hamkorlik rejalariga eʻtibor qaratildi.

 

Yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//