Baxtiyor Saidov AQSH davlat kotibi va prezident maslahatchisi bilan uchrashdi

Saqlash
09:50 / 10.04.2025 158 0

 

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Vashingtonda AQSh davlat kotibi Marko Rubio va prezidentning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan uchrashuv oʻtkazdi.

 

“Siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʻminlash boʻyicha umumiy qarashlarimizni chuqurlashtirish kabi muhim yoʻnalishlar kun tartibimizdan oʻrin oldi”, — deya yozdi Saidov Rubio bilan uchrashuv haqida.

 

Vazir AQShning Oʻzbekistondagi islohotlar jarayonlarini qoʻllab-quvvatlayotganini yuqori baholadi.

 

 

Saidov, shuningdek, Maykl Uolts bilan oʻtkazgan muloqotini “ochiq va samarali” deb atadi.

 

“Uchrashuvimiz davomida Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligimizni tasdiqlagan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik keng koʻlamli masalalarni muhokama qildik”, — dedi Oʻzbekiston vaziri.

 

Kun tartibi xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy bogʻliqlik va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish masalalariga qaratildi.

 

“AQSh prezidenti tomonidan Oʻzbekistondagi islohotlar dasturi va mintaqada tinchlik hamda farovonlikni taʻminlashga qaratilgan saʻy-harakatlarimizning doimiy qoʻllab-quvvatlanishini yuksak qadrlaymiz”, — deya taʻkidladi tashqi ishlar vaziri.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//