Shavkat Mirziyoyev Falastin–Isroil nizosining yagona yechimi haqida gapirdi

Saqlash
11:07 / 07.04.2025 197 0

Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida nutq soʻzladi.

 

Nutq avvalida davlat rahbari dunyoning barcha qitʼalaridan Assambleyada ishtirok etish uchun kelgan nufuzli delegatsiyalarni samimiy qutladi.

 

“Oʻz safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida boʻlib oʻtmoqda. Anjumanning azim poytaxtimiz – Toshkent shahrida oʻtkazilayotgani bizga ulkan iftixor bagʻishlaydi.

 

Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish borasida erishilayotgan katta natijalarning eʼtirofi, deb qabul qilamiz” dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

 

Shavkat Mirziyoyev nutqi davomida bir qator masalalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

 

Jumladan, ulardan biri jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganidir.

 

Prezident Oʻzbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yoʻli bilan hal etishning qatʼiy tarafdori ekanini yana bir bor taʼkidladi.

 

“Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat boʻyicha boshlangan muzokaralar jarayoni oʻzining ijobiy natijasini albatta beradi.

 

Eng ogʻriqli muammolarga xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan meʼyorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz.

 

Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini roʻyobga chiqarishdan iboratdir”, dedi Oʻzbekiston rahbari.

 

Shuningdek, Prezident Afgʻoniston haqida ham toʻxtalib oʻtar ekan, ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish, Afgʻonistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozimligini bildirgan. Bu borada parlamentlarning koʻmagiga ishonishini maʼlum qilgan.

 

Keyingi masala iqlim oʻzgarishlari boʻldi.

 

“Iqlim oʻzgarishi mavzusi Assambleyaning kun tartibidagi bosh masalalardan biri sifatida doimiy oʻrin olishi kerak, deb hisoblaymiz” dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shuningdek, Prezident quyidagi masalalarga ham toʻxtalib oʻtdi:

▪️ Xotin-qizlar huquqlarini qatʼiy qaror toptirish;

 

▪️ Yoshlarning parlament faoliyati bilan bir qatorda jamiyat hayotining barcha jabhalarida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish;

 

▪️ Har bir insonning ijtimoiy himoyaga boʻlgan huquqlarini taʼminlash, xalqaro standart va meʼyorlar asosida sifatli xizmatlar koʻrsatish;

 

▪️ Sunʼiy intellekt sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirish.

 

“Bizning barcha taklif va tashabbuslarimiz Parlamentlararo Ittifoqning Strategiyasi maqsadlariga toʻla mos ekani bilan ahamiyatlidir.

 

Shu bilan birga, yondashuvlarimiz bugungi tarixiy Assambleya yakunlari boʻyicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasida ham oʻz ifodasini topadi, deb ishonaman” dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//