Prezident qarori bilan kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya beriladi

Saqlash
17:55 / 06.04.2025 172 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan 2025 yil 1-maydan 2027-yil 1-aprelga qadar ayrim oilalarga elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha — oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha, bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

Tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha kompensatsiya isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun beriladi.

Buning uchun oilalar quyidagi mezonlarga mos bo‘lishi kerak:

  Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi (oilada necha kishi bo‘lsa, ularning birgalikdagi oylik daromadi teng taqsimlanganda 669 ming so‘mdan kam chiqqan oilalar);

  Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan (oilaning bir oylik daromadi har bir a’zoga taqsimlanganida 1 mln 155 ming so‘mdan kam chiqqan oilalar);

  reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan (mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila a’zosiga 1 mln so‘mdan kam bo‘lgan oilalar);

  oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining тушунтиришича, bunda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi. Masalan, bir oila 1 oyda 350 kVt elektr ishlatsa, uning 200 kVti uchun 600 so‘mdan to‘laydi, 201 kVtdan — 350 kVtgacha bo‘lgan 150 kVt uchun esa davlat kompensatsiya beradi.

«Ilgari kompensatsiya faqat qish mavsumida, ya’ni noyabr-fevral oylarida berilgan bo‘sa, endilikda yil bo‘yi har oyda beriladi», — deyiladi agentlik xabarida.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanishiga mas’ul bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//