Izboskandagi masjid hududida roʻy bergan holat boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzildi

Saqlash
09:20 / 01.04.2025 201 0

Foto: FVV

 

Kecha, 31-mart kuni Andijon viloyatining Izboskan tumaniga qarashli “Mirzo Ulugʻbek” MFYda joylashgan masjidlardan birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgan. Bu boʻyicha oʻsha kuni, soat 12:19 da Andijon viloyati FVBga xabar kelib tushgan.

 

Xabarga asossan, viloyat FVB rahbariyati va masʼullar hodisa joyiga yetib borgan va vaziyat toʻliq nazoratga olingan.

 

Dastlabki berilgan maʼlumotda jarohat olganlar 6 nafarni tashkil etishi aytilgan edi. Biroq keyingi tarqalgan xabarga koʻra, jabrlanganlar soni 13 nafar boʻlgani aytiladi.

 

Shulardan 3 nafari (fuqaro M.Abdullayev, J.Anvarov va B.Burxonov) halok boʻlgan. 10 nafar fuqaro (Gʻ.Toyloqov, A.Abdirayimjonov, H.Zuxriddinov, I.Raximov, M.Mamaturaimov, I.Shomurodov, K.Qosimov, U.Boltaboyev, M.Abduraxmonov va M.Boltaboyev) tan-jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan.

 

FVVning maʼlum qilishicha, aytilgan manzilga zudlik bilan 2 ta qutqaruv otryadi va 2 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji yetib borgan. Hodisa natijasida tahoratxona devor va tom konstruksiyalariga zarar yetgan, yongʻin sodir boʻlmagan.

 

Voqea joyiga viloyat hokimi, FVB, IIB, MG, SSB, prokuratura va “Hududgaztaʼminot”, tuman FVDqT xizmatlari kuch, vositalari yetib borib, hodisa oqibatlari bartaraf etilgan.

 

“Hodisa sodir boʻlganligi xabar qilinganida vodiyda boʻlib turgan Bosh vazir oʻrinbosari O.Ramatov hamda Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor B.Qudratxoʻjayev Izboskan tumaniga yetib borgan”, deyiladi xabarda.

 

Bosh vazir matbuot kotibi Behzod Hidoyatovning xabar berishicha, Vazirlar Mahkamasi Izboskan tumanidagi masjid hududida roʻy bergan baxtsiz hodisa oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolariga har tomonlama koʻmaklashish hamda jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam koʻrsatish, ushbu baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini oʻrganish, shuningdek, bu kabi favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida tegishli farmoyish qabul qilgan.

 

Farmoyish bilan Bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//