
Siyosat
Bugun, 31-mart kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtadi.
Shu sababli ham davlat rahbari Xoʻjand shahri(Tojikiston)ga amaliy tashrif bilan bordi. Shavkat Mirziyoyevni aeroportda Emomali Rahmon kutib oldi.
Oʻzbekiston rahbarining tashrifi sharafiga davlat bayroqlari koʻtarildi. Milliy kuy-qoʻshiq va raqslar ijro etildi.
Shundan soʻng ikki davlat rahbari uchrashuv oʻtkazdi. Unda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon hayiti bilan bir-birlarini va birodar xalqlarimizni samimiy tabrikladilar.
Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Hukumatlararo komissiyaning boʻlajak yigʻilishida amaliy hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni tezlashtirish choralari ishlab chiqilishi muhim ekani taʼkidlandi.
“Dunyo” AAning xabar berishicha, bugun boʻlib oʻtadigan uch davlat prezidentlarining uchrashuvi mazkur mamlakatlar oʻrtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish jarayoni yakunlanganini bildiradi. Shu munosabat bilan uch qoʻshni respublikaning davlat chegaralari tutashgan joyida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamjihatlik timsoliga aylanadigan “Doʻstlik stellasi” oʻrnatilishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, davlat chegaralari Fargʻona viloyati (Oʻzbekiston) Oʻzbekiston tumani, Botken viloyatining Botken tumani (Qirgʻiziston) va Soʻgʻd viloyatining Isfara tumaniga (Tojikiston) tutashgan nuqtada joylashgan.
Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston chegaralarini tutashtirish boʻyicha uch tomonlama muzokaralar 2007-yilda boshlangan edi.
2024-yil 25-dekabrda Sankt-Peterburg shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni inobatga olgan holda, 2025-yil 8-yanvarda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston hukumat rahbarlarining uchrashuvi taklif etilgan uch davlat chegarasi tutashgan hududda boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston tomonining chegaralar tutashgan joyida stella oʻrnatish boʻyicha taklifi va uning eskizining taqdimoti oʻtkazildi. Ushbu tashabbus barcha taraflar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
“Boʻlajak tadbir, shubhasiz, Markaziy Osiyo tarixida muhim voqea sifatida kiradi, chunki mintaqa davlatlari mustaqillikka erishganidan beri davlatchilikning asosiy belgisi va mamlakat suvereniteti bilan bevosita bogʻliq boʻlgan chegaralar masalasi hal etilmay qolayotgan edi”, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q