Nukuslik oʻquvchi AQSh universitetiga 100 foizlik grant asosida oʻqishga qabul qilindi

Saqlash
14:34 / 29.03.2025 288 0

Nukus shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Aydos Kitaybekov AQShning nufuzli Braun universitetiga (ushbu universitet “Pechak ligasi”ga kiruvchi universitet hisoblanadi) 396 ming AQSh dollari miqdoridagi toʻliq grant asosida oʻqishga qabul qilindi.

 

Endilikda Kitaybekov mazkur universitetda “Atrof-muhit muhandisligi va kompyuter fanlari” yoʻnalishi boʻyicha tahsil oladi. Bundan tashqari, oʻquvchi shu kungacha IELTSdan 8, SATdan 1550 ballni qoʻlga kiritgan. Qolaversa, AS-Level boʻyicha uch karra A sertifikatiga ham ega.

 

“Aydos ekofaol oʻquvchilarimizdan. U Orol dengizi muammolarini hal etish boʻyicha oʻzining tashabbuslari bilan 2024-yilda Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo uchun BMTTD mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etilgan II Xalqaro oʻquvchilar festivalida faol ishtirok etgan.

 

Fursatdan foydalanib, Aydos, uning ota-onasi va taʼlim bergan ustozlarini bugungi yutuq bilan yana bir bor tabriklayman. Aydosga esa Braun universitetini muvaffaqiyatli bitirib, tanlagan yoʻnalishi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlishini, oʻrgangan bilimlari mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilishini tilayman”, deb yozadi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova oʻz Telegram sahifasida.

 

Maʼlumot uchun, Braun universiteti 1764-yilda tashkil etilgan boʻlib, “Times Higher Education” xalqaro reytingida doimiy ravishda yuqori oʻrinlarni egallab keladi. Hozirda ushbu universitet dunyo miqyosida 58-oʻrinda turadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//