Oʻzbekistonda “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati” tuziladi

Saqlash
09:42 / 28.03.2025 191 0

Kecha, 27-mart kuni Prezident iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

 

 

Xabarga koʻra, yoshlarni toʻgʻri yoʻnaltirib, dunyodagi eng ilgʻor universitetlarda oʻqishiga koʻmaklashish maqsadida joriy yilning sentyabr oyidan mamlakatda xalqaro maktab faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

 

Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar oʻgʻil-qiz saralab olinadi. Taʼlim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan — asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni oʻrgatuvchi fanlardan iborat boʻladi. Oʻquv yili 3 davrga boʻlinib, 11 oy davom etadi.

 

Bundan tashqari, davlat rahbarining yana bir tashabbusiga muvofiq, endilikda yoshlarni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

 

Buning uchun esa 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi.

 

Bu yil dastlab 3 ming nafar oʻquvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.

 

Oʻquvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv oʻquv kurslarda oʻqitiladi. Yaxshi natija koʻrsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

 

Taqdimotda chet elda oʻqigan yoshlarni vatanimizda oʻz sohasi boʻyicha munosib ish bilan taʼminlash masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

 

 

Bu masalani hal etishda hozirda iqtidorli yoshlarni yagona platformada birlashtiradigan “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati”ni tuzish taklif etilmoqda.

 

U orqali xorijda taʼlim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi.

 

Shuningdek, har yilning 25-may sanasida hamjamiyat qurultoyi oʻtkazilib, unda taʼlim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yoʻlga qoʻyiladi.

 

Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni maʼqullab, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashni tizimli yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidlagan.

 

Maʼlumot uchun, bugungi kunda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali 750 nafar vatandoshimiz xorijda tahsil olmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//