Shaharsozlik qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

Saqlash
14:36 / 27.03.2025 152 0

 

Odam oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan tarzda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik boʻladi. Bu norma 2025-yil 25-mart kuni Oʻzbekiston qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirishlarda belgilandi.

 

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, shaharsozlik sohasidagi vakolatli davlat organlarining ruxsatisiz obyektlarni qurganlik, qonunchilikni buzgan holda koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni oʻzgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik, shuningdek, binolar va inshootlarni aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari, ularni rejalashtirish va qurish loyihalarini buzgan holda loyihalashtirganlik, rekonstruksiya qilganlik va qurganlik uchun javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

 

Bunda jinoiy javobgarlik aybdor shaxslar ushbu huquqbuzarliklar uchun maʻmuriy javobgarlikka tortib boʻlinganidan keyin yuzaga keladi. Odam oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan tarzda shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik kiritilmoqda.

 

Shuningdek, qonunchilikni buzgan holda koʻp kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni oʻzgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan oʻzgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

 

Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini amalga oshirish doirasida beriladigan koʻrsatmalarini buyurtmachilar tomonidan bajarmaganlik, shuningdek obyektlarni ekspert tashkilotlarning shaharsozlik hujjatlariga doir ijobiy xulosasisiz qurganlik uchun javobgarlikni belgilovchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

 

Shuningdek, shaharsozlik sohasidagi qoidabuzarliklar uchun solinadigan jarimalar miqdorlarini koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

 

Qonun rasmiy eʻlon qilingan kundan eʻtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//