
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyevga avtomobil yoʻllari qurish loyihalarining borishi toʻgʻrisida axborot berildi.
Qayd qilinishicha, mamlakatda 184 ming kilometrdan ziyod avtomobil yoʻli bor. Tahlillarga koʻra, xalqaro ahamiyatga ega yoʻllarning 25 foizi katta yuklamada ishlayapti. Masalan, kuniga 32 ming avtomobilga moʻljallangan “Toshkent – Samarqand” yoʻlida 45 mingta transport qatnayapti. Tirbandlik sababli baʼzan bunga 6 soatgacha vaqt ketyapti. 2030-yilga borib harakat jadalligi 80 mingdan oshishi mumkin.
Maʼlum qilinishicha, Toshkentdan Samarqandga va Andijonga eltuvchi muqobil yoʻllar qurish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Jahon banki ishtirokida “Toshkent – Andijon” yoʻli loyihalashtiriladi. Yanvarda uni qurish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qilindi. Taʼkidlanishicha, qisqa vaqtda unga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirgan.
Umumiy uzunligi 314 kilometr boʻlgan ushbu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkent bilan Andijon orasidagi qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqarishi kutilyapti. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Yana bir loyiha Toshkent bilan Samarqandni bogʻlovchi qoʻshimcha yoʻl qurishga qaratilgan. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Yangi yoʻlning uzunligi 300 kilometr atrofida boʻladi. Uning qurilishi natijasida Toshkent bilan Samarqand oʻrtasida qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Hozirgi mavjud yoʻlda tirbandlik ancha kamayadi.
Taʼkidlanishicha, bu yangi yoʻllar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, muqobil va qulay boʻladi. Ularda haydovchi va yoʻlovchilar uchun turli pullik xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Qurilish jarayonida mahalliy qurilish korxonalari ham qatnashishi mumkin boʻladi.
Transport vaziri mazkur loyihalar holati boʻyicha taqdimot qildi. Geodeziya ishlarini jadallashtirib, yoʻllar hududini tayyorlash, qurilishga mablagʻ va pudratchilarni jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q