Abat Fayzullayev Oʻzbekistonning San-Marinodagi birinchi elchisi etib tayinlandi

Saqlash
15:42 / 26.03.2025 218 0

Oʻzbekistonning San-Marinoga tayinlangan birinchi elchisi Abat Fayzullayev mazkur davlat rahbarlari – Kapitan-regentlar Francheska Chiverkya va Dalibor Rikkardiga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

 

Marosimda San-Marino tashqi ishlar vaziri Luka Bekkari soʻzga chiqib akkreditatsiyadan oʻtgan elchilarni olqishladi. Vazir Luka Bekkari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy va demokratik islohotlarni, Oʻzbekiston va San-Marino oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni, jumladan ushbu mamlakatga birinchi elchining tayinlanishini yuqori baholadi.

 

Ayd etilishicha, Oʻzbekistonning iqlim va atrof-muhit bilan bogʻliq muammolarga qarshi kurashishda hamda barqaror rivojlanish yoʻlida olib borayotgan oqilona siyosati yuksak baholangan.

 

Shuningdek, oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama shartnoma-huquqiy bazani mustahkamlash, koʻp tomonlama hamkorlik yoʻnalishida, xususan, BMT va YEXHT doirasida nomzodlar va tashabbuslarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash kabi mavjud manfaatli sheriklikni davom ettirishga ishonch bildirilgan.

 

Oʻzbekiston va San-Marino oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 2021-yil 3-fevralda oʻrnatilgan.

 

Abat Fayzullayev 2023-yil noyabr oyidan buyon Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, QXRXJ, BOOD) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024-yil dekabr oyidan boshlab Oʻzbekistonning Kiprdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

 

2020-2023-yillarda Oʻzbekistonning Avstriyadagi va oʻrindoshlik asosida Vengriyadagi elchisi sifatida ishlagan. U bir vaqtning oʻzida Oʻzbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//