Fargʻona viloyatining barcha tuman va shahar hokimlari ta'tilga chiqdi

Saqlash
17:04 / 03.01.2022 974 0

Fargʻona viloyatining barcha tuman va shaharlari hokimlari 2022-yil 1-yanvardan 15-yanvargacha taʼtilga chiqqani xabar qilindi.

 

Qayd etilishicha, taʼtil “Mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunning 21-moddasi asosida va Prezident Administratsiyasining 25-dekabrdagi topshirigʻiga asosan oʻtkazilmoqda. Davlat rahbari tomonidan barcha mahalliy hokimlik hamda sektor rahbarlarining mehnat taʼtiliga chiqishi va davolanishini 2 bosqichda oʻtkazish maʼqullangan.

 

Maʼlumotlarga koʻra, Birinchi bosqichda taʼtilga chiqayotgan tuman va shahar hokimlarining vazifalari vaqtinchalik hokim oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilgan. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq qarorlar va farmoyishlar tuman va shahar hokimi vazifalarini bajarish vaqtincha yuklangan hokim oʻrinbosarlari tomonidan tuman va shahar hokimi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

 

Shuningdek, hokimlarga ularning oʻrinbosarlarini 2022-yil 17-yanvardan sogʻligʻini tiklash maqsadida mehnat taʼtiliga chiqarishni taʼminlash topshirildi.

 

Shahar va tuman hokimlari Tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son va 2-son shifoxonalari, “Qibray”, Rossiyadagi Oʻzbekiston va Yalta sanatoriylarida hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasining «Chinobod Plaza», “Turon” va “Oqtosh” sanatoriylarida sogʻligini tiklaydi.

 

Quvasoy shahar hokimi yaqinda ish boshlagani bois ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//