Oʻzbekistonlik harbiylar AQShda rekord natija qayd etdi

Saqlash
14:19 / 24.03.2025 251 0

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari — kichik serjant Abdullayev Alishox va III darajali serjant Jovkashev Shoxrux joriy yilning 17–20-mart kunlari AQShning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-oʻquv bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi–2025” musobaqasida ishtirok etib, barcha shartlarni muvaffaqiyatli bajargan holda musobaqa rekordini yangiladi.

 

 

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan mazkur musobaqada oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar AQSh Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashgan.

 

 

Musobaqa davomida askarlar yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari, jismoniy va ruhiy zoʻriqish yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kg yuk bilan 20 km masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish, artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni bajargan.

 

 

 

Yakunda oʻzbekistonlik harbiylar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlangan.

 

 

Maʼlumot uchun, bu dastlabki yutuq emas. Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari ushbu musobaqada 2019-yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida mutlaq ustunlik bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritib keladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//