Har yili xorijdagi vatandoshlarning “Uz Global Think” forumi tashkil etiladi

Saqlash
11:59 / 24.03.2025 129 0

Prezidentning “Umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashni yangi bosqichga olib chiqishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

 

Unga binoan, jamiyatda umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashning ustuvor vazifalaridan biri etib millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirish, jamiyatda doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy oʻzlik shakllantiriladi.

 

Hujjat bilan quyidagilar jamiyatda umummilliy totuvlik va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashning ustuvor vazifasi sifatida belgilandi:

▪️ millatlararo munosabatni uygʻunlashtirish, jamiyatda doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik, bagʻrikenglik va birdamlikni mustahkamlash orqali yagona fuqaroviy oʻzlikni shakllantirish;

 

▪️ Oʻzbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash orqali ularning umummilliy taraqqiyotga daxldorligini kuchaytirish;

 

▪️ xorijdagi vatandoshlar jamoalari va oʻzbek diasporalarining milliy oʻzligini saqlashga koʻmaklashish hamda ularning ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini Vatanimiz rivojiga safarbar etishni qoʻllab-quvvatlash;

 

▪️ xalq diplomatiyasi mexanizmlari orqali xorijiy mamlakatlar bilan ijtimoiy-madaniy va doʻstlik aloqalari hamda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, soha tubdan isloh qilinadi. Jumladan, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmitasi tashkil etiladi;

 

Bunda qoʻmita millatlararo munosabatlar hamda xorijdagi vatandoshlar masalalari sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi, davlat organlari va tashkilotlarning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida faoliyat olib boradi.

 

U Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasiga bevosita hisobdor hisoblanadi.

 

Farmonga koʻra, umummilliy totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda quyidagi takliflar maʼqullanadi:

➖ har yili “Oʻzbekiston yagona Vatan” shiori ostida yutimizdagi barcha millat va elatlar vakillarining oʻzaro tengligi, birdamligi, ularning Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasini eʼtirof etuvchi anjuman tashkil etish;

 

➖ Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan koʻchalarni barcha millat va elatlarning madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini oʻzaro uygʻunlashgan millatlararo munosabatlarni ifodalagan “Oʻzbekiston maʼdaniy boyligi” nomli koʻchalar sifatida tashkil etish;

 

➖ “Birgalikda kuchmiz” shiori ostida turli millat va elatlar vakillaridan iborat eko-volontyorlar ishtirokida ekologik aksiyalarni oʻtkazib borish orqali dolzarb masalalarni ham etishda daxldorlikni anglash tuygʻularini kuchaytirish;

 

➖ turli millat va elatlar vakillarining Oʻzbekiston tarixi va bugungi kundagi barqaror rivojlanishiga qoʻshayotgan hissasi haqida hikoya qiluvchi filmlar va turkum koʻrsatuvlar yaratish.

 

Bundan tashqari, xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashning yang mexanizmlari ham ishlab chiqiladi.

 

Bunda xorijdagi vatandoshlar, diaspora vakillarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritishini qoʻllab-quvvatlash va ularning turizmini rivojlantirish kabilar nazarda tutiladi.

 

Qoʻmita “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan birgalikda har yili xorijdagi vatandoshlarning “Uz Global Think” forumini tashkil etadi. Unda ilgari surilgan fikrlar asosida Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsad vazifalariga xizmat qiluvchi takliflar shakllantiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//