
Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Toshkentning Yunusobod tumanida barpo etilgan “High Town City” majmuasi keng qamrovli boʻlib, savdo va koʻngilochar markazi, biznes markazi, mehmonxona va zamonaviy turar joylarni oʻz ichiga olgan. Ushbu majmuaga 510 million dollar toʻliq xorijiy investitsiya yoʻnaltirilgan.
Davlat rahbari savdo markazidagi zamonaviy tijorat va xizmat turlarini koʻzdan kechirdi. 4 qavatli binoda savdo doʻkonlari, jumladan, mashhur brendlarning shoxobchalari ochilgan. Restoran va kafelar, koʻngilochar oʻyingohlar, sport maydonlari, kinoteatrlar el xizmatida.
Majmua bir kunda 5 ming kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Unda 1 ming 500 kishi ish bilan taʼminlandi.
Savdo markazida shinam kitob doʻkoni ham ochilgan. Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni olqishlab, metro bekatlari, kutish joylarida ham moʻjaz kitob doʻkonlari tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Davlat rahbari oʻyin maydonchasidagi bolajonlarni koʻrib, samimiy mehr-eʼtiborini izhor etdi. Bugungi barcha saʼy-harakatlar mamlakatimiz kelajagi uchun qilinayotgani, buning uchun bolalar yaxshi oʻqib, aqliy va ijodiy salohiyatini rivojlantirib borishi kerakligini taʼkidladi.
Yaqinda 24 qavatli, besh yulduzli mehmonxona ham barpo etilishi rejalashtirilgan. Unda 250 ta xona boʻlib, bir vaqtning oʻzida 430 kishiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezidentga shu yerda quriladigan zamonaviy uy-joylar loyihasi taqdimot qilindi. Unga koʻra, 1 ming 500 ta xonadondan iborat 28 ta koʻp qavatli uy bunyod etiladi. Majmua hovlisi avtomobillar uchun yopiq va yashil hudud boʻladi. Bolalar bogʻchasi, oʻyin maydonchasi, tennis korti, yerosti avtoturargoh tashkil etiladi. Majmua hududi toʻliq Wi-Fi bilan qamrab olinadi hamda binolarda shovqinsiz liftlar oʻrnatiladi.
Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalari ham koʻrib chiqildi. Maʼlumki, Toshkent metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Prezident avval taqdim qilingan loyihalarni qayta koʻrib chiqish, boshqa muqobil takliflar kiritish boʻyicha topshiriq bergandi. Shunga muvofiq tayyorlangan yangi loyihaga koʻra, Buyuk ipak yoʻli metrosidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta bekat quriladi. Bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.
Yana bir loyihaga koʻra, Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida koʻp qavatli uylar, savdo va xizmat binolari qurish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tumanda urbanizatsiya jadallashib, yangi markaz paydo boʻladi.
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q