Kuvaytda Buxoro amiriga tegishli zeb-ziynatlar topildi

Saqlash
16:01 / 19.03.2025 827 0

Kuvaytda Buxoro amiriga tegishli zeb-ziynatlar topildi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi maʼlum qildi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya hamda Oʻzbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt shahridagi Toriq Rajab muzeyiga tashrif buyurdi. Ularini Muzey direktori Ziyad Rajab kutib oldi.

 

 

Kuvayt davlati poytaxti al-Kuvayt shahrida joylashgan Toriq Rajab muzeyi 30 000 dan ortiq qadimiy va zamonaviy buyumlardan iborat shaxsiy kolleksiyani oʻz ichiga oladi. 1980-yil faoliyatini boshlagan Muzeyga kuvaytlik tadbirkor Toriq Sayyid Rajab tomonidan asos solingan. Unda koʻp yillar davomida shakllangan shaxsiy kolleksiya jamlangan boʻlib, Toriq Rajab muzeyi nomi bilan mashhur.

 

 

Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilishi kutilayotgan ekspozitsiyaga 50 ga yaqin jahon kolleksiyalarini jalb qilish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Mazkur voqea jahon muzeyshunosligi tarixida bir mamlakat merosi atrofida oʻnlab muzeylarni birlashtirgan birinchi yirik ekspozitsiya boʻlishi taʼkidlandi.

 

 

Ziyad Rajab Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Toriq Rajab va shu nomdagi islom xattotligi muzeylari haqida soʻz yuritarkan, kelajakda Markaz bilan hamkorlik qilishdan mamnun ekanini bildirgan.

 

 

Ziyad Rajab Toriq Rajab muzeyining eksponatlarini Oʻzbekistonda namoyish etish tarixiy voqelik ekanini taʼkidladi. Mazkur muzeyda Oʻzbekiston madaniy merosiga oid qimmatli eksponatlar, shu jumladan, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarining XIV asrda koʻchirilgan nusxalari, Buxoro amiri va uning qarindoshlariga tegishli taqinchoqlar, Shayboniylar davriga oid miniatyuralar va koʻplab eksponatlar mavjud.

 

 

 

Muzey ekspozitsiyasida islom olamining turli davrlari va jugʻrofiyasiga mansub boʻlgan betimsol xattotlik namunalari, yuksak sanʼat darajasidagi kalligrafiya durdonalarini uchratish mumkin.

 

Bundan tashqari, muzeyda Buxorodan keltirilgan zargarlik buyumlari, qadimiy liboslar, qurol-yarogʻlar, hunarmandchilik ashyolari, matolar, shisha idishlar ham oʻrin olgan.

 

“Mening onam, asosan, zargarlik buyumlarini toʻplagan boʻlsa, otam sopol va metall buyumlarga masʼul boʻlganlar. Ota-onam aynan Oʻzbekiston hududi va tarixiga qiziqqanlari bois muzeyda ushbu manzildan keltirilgan artefaktlar koʻplab topiladi” – deydi Ziyad Rajab.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//